Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Suriya isyonchilarining Halab g‘arbiga uyushtirgan hujumi chog‘ida o‘ldirildi. Bu haqda Tasnim xabar berdi.
Agentlikning xabar berishicha, general Purhoshimiy Suriyada harbiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan. Xabarda Purhoshimiyning harbiy vazifalari haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Ikki kundan beri Suriyaning Halab va Idlib viloyatlarida prezident Bashar Asad rejimi va unga qarshi qurolli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, isyonchilar to‘qnashuvlar chog‘ida Asad rejimi nazorati ostidagi 39 qishloqni qo‘lga kiritgan.