Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Erining ikkinchi ayoli borligini bilib qoldi va...

Erining ikkinchi ayoli borligini bilib qoldi va...

Ibn Javziy rohimahulloh o‘zlarining "Sifatus sofva" degan kitoblarida quyidagi qissani keltiradilar. 

Bag‘dodda kiyimlar bilan savdo qiladigan boy bir savdogar bor edi. Bir kuni do‘koniga yoshroq ayol keldi, savdogar bilan savdolashib turganda yuzi ochilib qoldi. Savdogar ko‘rgan zahoti hayratga tushdi: “Vallohi, lol qoldim!” – dedi. 

Yosh ayol aytdi: 

“O‘zi men biror narsa xarid qilmoqchi emasdim. Anchadan beri bir kishi qalbimni o‘rtaydi, unga xotin bo‘lishni xohlayman. Lekin aytishga hayo qilib yuribman”.

“Men aytishim mumkin unga, kim ekan u?” – dedi savdogar.

Yosh ayol: “U – sizsiz!” – dedi.

Savdogar:

“Men uylanganman, xotinim amakimning qizi bo‘ladi. Bir farzandim ham bor”.

Yosh ayol aytdi:

“Mening uyim va molu mulkim bor, haftada ikki bor kelib tursangiz, yetadi”.

Savdogar rozi bo‘lib, unga uylandi. Haftada ikki kun uning uyida qoladigan bo‘ldi.

Xotiniga: “Ba’zi do‘stlarim iltimos qildi, o‘shaning uyida tong ottirdik”, deb yurdi. 

Savdogar xotini siqilmasin, deb yana bir ayolga uylanganini aytmagan edi. Oylar o‘tib savdogarning xotini eridan shubhalana boshladi. Joriyani ishga soldi. Eri do‘konga ketar ekan, ortidan yashirincha erini kuzatishni, qayerga borsa, izidan borishga buyurdi. Joriya bekasi aytgandek qildi. Savdogar kun qaytgach, yosh ayolining uyiga bordi. Joriya uni kuzatib keldi va savdogar kirib ketgan uyni ko‘rdi. 

O‘sha uyning qo‘shnisidan “Bu uy kimning uyi?” – deb so‘radi. Yosh bir ayolning uyi, u yaqin oylar ichida bir savdogarga turmushga chiqqani haqidagi javobni oldi. Joriya kelib, barcha ko‘rgan va eshitganini bekasi aytib berdi. Bekasi joriyadan bularni hech kimga aytmasligini tayinladi. O‘zi ham o‘zini hech narsadan xabari yo‘qdek tutdi. Shu holda bir yil o‘tib savdogar vafot etib qoldi va o‘zidan sakkiz ming dinor meros qoldirdi. 

Savdogarning xotini ilmli ayol edi. Meros taqsimini bilardi, shunga ko‘ra yetti ming dinorni o‘g‘liga, ming dinorni esa ikkiga bo‘ldi va bir qismini o‘ziga oldi. Ikkinchi qismini xaltaga solib joriyaga berdi va aytdiki: “Buni o‘sha uyga olib bor va unga: “Xojam vafot etdi, qoldirgan merosidan sizning ulushingizni bekam berib yubordi deb buni tashlab kel!”

Joriya bordi va yosh ayolning uyiga kirib, bekasi aytgandek qildi. Yosh ayol yig‘ladi... Va aytdiki: “Bekangizga mendan salom ayting va yana shuni aytingki savdogar meni taloq qilib ketgandi. Bu merosni olishga mening haqqim yo‘q, buni bekangizga qaytarib bering” – dedi. Joriya besh yuz dinor solingan xalta bilan bekasining uyiga qaytdi.

Aziz o‘quvchi! 

Bilmadim bu ikki ayolning qay birining ishi ajibroq. Birinchining zukkoligi, eriga bo‘lgan hurmati, taqvosi, musibatda turganda ham adolatga ko‘ra ish qilishimi yoki ikkinchisining merosning sakkizdan biriga haqli bo‘la turib, uni olmaganimi? Chunki savdogar uni taloq qilmagan edi. U xaltadagi dinor uniki edi. Ammo u ham birinchining oliyjanobligidan qolishmaydigan bir jo‘mardlik qilgan edi.

Arab tilidan Abdulatif qori Ataxanov tarjimasi

Kiritildi: 04:30 23.10.2020. O'qildi: 8840 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!