Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Eng zo‘r bayram (hikoya)

Eng zo‘r bayram (hikoya)

Muattar o‘qituvchilar xonasidan bo‘shashib chiqdi. Uzun yo‘lak bo‘ylab shoshib borarkan, o‘quvchilarining bergan salomiga ham tezda bosh irg‘ab alik olardi. U birinchi qavatga tushib, qizi o‘qiydigan sinf xonasi oldida bir-birining portfelini yelkasiga osishga yordam berayotgan bolalardan:

— Hilola hali ketmadimi? — deb so‘radi va javobni ham kutmay sinf xonasiga bosh suqdi. Xonada Hilolaning bir o‘zi shoshilmay narsalarini sumkasiga joylardi.

— Ha, qizim, hali ketmadingmi? Tezroq harakat qilmaysanmi, tashqarida akang kutib qolgandir, — deya unga yordamlashgan bo‘ldi. Hilola oyisiga qarab turdida, o‘zini tutolmay:

— Oyi, men yana «3» baho oldim, rus tilidan, — deb piqilladi.

— Eshitdim, hozirgina rus tili ustozing aytdi. Menga qara, kecha yarim kechagacha she’r yodladik, nahot shuni aytib berish qiyin-a. Tavba, kecha binoyidek aytayotgandingku…

— Esimdan chiqib qoldi, — deya xo‘rsindi Hilola, — Lobar yana besh oldi, meni masxara qildi.

— Masxara qiladida, bitta fandan bir haftada ikkita uch! Lobardan qayering kam, harakat qil!

— Oyi, u rus bog‘chaga borgan...

— Mayli, qolgan gapni uyda gaplashamiz, tezroq boraqol. Akangga ayt, yo‘ldan non olinglar, — deya darsiga shoshildi.

Darslari tugab, kenjatoyini bog‘chadan olgani kirdi. Ichkariga kirishi bilan, kichkintoylar:

— Mustafo, senga kelishdi, — deb bir-biriga navbat bermay o‘rtog‘ini chaqirishdi. Yoniga yugurib kelgan o‘g‘lini bag‘riga bosib:

— Kiyinib tur, hozir bog‘cha opangda ishim bor, — dedida, ish stolida yozuv-chizuv bilan band Gulmira opa bilan so‘rashib, — Gulmira opa, Mustafoni katta guruhga o‘tkazaman degandingiz. Shu... Rus guruhga yoza qoling, — dedi.

Gulmira opa yozuv-chizuvdan bir zum to‘xtab:

— O‘zbek sinfga beraman degandingizku, — deb, ishida yana davom etdi.

— Ha, o‘zbek sinfga beraman, ammo rus tilidan qiynalmasin deymanda kattalarimga o‘xshab, — dedi.

…Mustafo rus guruhiga borayotganiga ham salkam bir yil bo‘lay deb qoldi. Negadir bog‘chada o‘tkaziladigan ertaliklaru tadbirlar unga qiziqmasday, bog‘cha opasi bergan she’rlarni ham yodlashga toqati yo‘q. Bayram bo‘lsa yig‘i-sig‘i bilan arang to‘rt qator she’rni yodlaydiyu, sahnada bir amallab g‘o‘ldirab, joyiga o‘tiradi. Shuning uchunmi, tarbiyachisi ham bayram tadbirlarida unga nomigagina nimadir berib qo‘yishini Muattar payqaydi, ammo bolaning o‘zida ham xohish yo‘qligi bois indamay qo‘ya qoladi. Hatto bir safar Yangi yil bayrami arafasidagi ertalikda Qorbobo va ertak qahramonlarining chiqishlaridan ham zavqlanmadi. Topishmoq va savollarga javob berib sovg‘a olayotgan do‘stlariga shunchaki qarab o‘tirdi. Aftidan, u xato gapirib qo‘yib izza bo‘lishdan cho‘chib qolganga o‘xshaydi.

Muattar o‘zi o‘qituvchi bo‘lgani boismi bolalarining o‘qishiga jiddiy e’tibor berish bilan birga, ularga nisbatan juda ham talabchan edi. Ba’zan haddan oshiq talabchanligi bolalarining omma oldida o‘zini erkin tutishiga to‘sqinlik qilmayaptimikan deb o‘ylab qolardi.

Kuzning o‘rtalari. Muattar darslari tugab, bog‘chaga oshiqdi. Hali kechki ovqatni ham solmagani uchunmi, tekshirish uchun nazorat ishi daftarlarini uyga olib ketayotgani uchunmi, o‘g‘lini yetaklab tushkun kayfiyatda ketib borardi. Yo‘lda Mustafo shimining cho‘ntagidan qog‘oz chiqarib:

— Mana, bog‘cha opam yana she’r berdi, — dedi xo‘rsinib.

— Obbo, shu yetmay turuvdi o‘zi, yana yarim kechagacha ovora ekanmizda. Bo‘pti, cho‘ntagingga solib qo‘y, — deb, bolani qo‘lidan tortqilab qadamini tezlatdi.

Idish-tovoqlarni saranjomlab, endi daftar tekshirishga o‘tiray deganda Mustafo kirib:

— Oyi, she’rni ertaga so‘rarkanlar, — dedi norozi qiyofada tag‘in boyagi qog‘ozni uzatib.

— Kelchi qani, qanaqa she’r ekan, — deb ovoz chiqarib o‘qidi ayol.

“Ona tilim, onajonim tili bu...”

— O‘zbekchami!? — Mustafo ko‘zlarini hayratdan katta-katta ochib, quvonib ketdi.

Muattar nonushta payti turmush o‘rtog‘iga bugun ishdan kechroq qaytishini, darsdan so‘ng tadbiri borligini aytib, Mustafoni bog‘chadan bolalar olishini tayinladi.

Indamay choy ichib o‘tirgan o‘g‘li:

— Bayramimga bormaysizmi? — dedi. Muattar:

— Albatta, boraman, bugun darslarim tushdan keyin. Bo‘laqol, choyingni ich, kech qolasan, — deya o‘g‘lini shoshirdi.

Bog‘chada o‘tkaziladigan ertaliklar, ayniqsa, bola tarbiyasi bilan mashg‘ul uy bekalariga qiziq. Faollar zali yosh onalar va buvilar bilan to‘lgan. Kimdir tasvirga olish uchun telefonini sozlagan, yana kimdir qo‘lidagi yosh bolasini "jim o‘tir, hozir akang chiqadi" deya tinchlantirishga uringan.

Nihoyat, musiqa sadolari ostida jajji bolajonlar ko‘rindi. O‘g‘il bolalar to‘y boladek zarchoponlar kiyishgan, oltinsoch qizaloqlar esa o‘zlariga yarashib turgan do‘ppiyu atlas ko‘ylaklariga mahliyo edilar. Ona tilini madh etuvchi bir-biridan ajoyib qo‘shiq va sahna ko‘rinishlar rusiyzabon jajji bolajonlar ijrosida yana ham jozibali edi. Mustafo ko‘zlari yonib do‘stlarini tomosha qilarkan, bog‘cha opasining o‘zini sahnaga chorlayotganini eshitib, deyarli otilib chiqdi va baland, jo‘shqin ovozda:

Ona tilim, onajonim tili bu
Beshikdanoq singgan jonu quloqqa,
Elu yurtim, xonumonim tili bu
Qadimlikdan o‘xshar ona tuproqqa!

She’rni yakunlashi hamon tarbiyachi hayratda, beixtiyor qarsak chalib yubordi. Muattar o‘g‘lining she’rni bu qadar to‘lqinlanib, ifodali o‘qishini kutmagani bois u ham esankirab boshqalar qatori qarsakka jo‘r bo‘ldi.

Tadbir yakunlangach, bolakay kiyimlarini almashtirishga yordamlashayotgan onasiga qarab:

— Oyijon, bugun uyda ham bayramni nishonlaymizmi? Tort ham olib kelamiz-a? Bu eng zo‘r bayram ekan-a? — dedi yuzlari yashnab.

Muattar bir zum o‘g‘liga tikilib qoldi, so‘ng jilmayib uning lo‘ppi yuzlaridan o‘pib:

— To‘g‘ri aytasan, bolam, bu eng zo‘r bayram! — dedi.

Mahbuba Tosheva, Toshkent shahri.

Kiritildi: 09:04 21.10.2020. O'qildi: 2961 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!