Bugun 9 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Ekologik huquqlarning kafolatlanishi yashash huquqining ta’minlanishidir

Ekologik huquqlarning kafolatlanishi yashash huquqining ta’minlanishidir

Tarixan kishilik jamiyati rivojlanib borarkan, muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilishida adolat tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatda esa barcha sohalar ravnaq topadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi mamlakatimizda adolat prinsiplarini ta’minlash, kishilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy munosabatlarni tartibga solish, xalqimizning xohish-irodasini ifoda etuvchi, teng huquqlilik va bag‘rikenglik tamoyillariga rioya etilishini kafolatlovchi bosh qomusimizdir. Shuni alohida qayd etish joizki, insonning qulay atrof-muhitga ega bo‘lishi, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ularni huquqiy jihatdan muhofaza qilish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish bugungi kunning g‘oyat muhim masalalaridan biri sanaladi.

Tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani sababli ekologik masalalar Asosiy qonunimizdan o‘rin olgan.

Jumladan, 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining muqaddimasida, 49, 62, 66, 68, 115-moddalarida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishning huquqiy asoslari mustahkamlangan bo‘lib, 49-moddasiga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi bilan birga, Konstitusiyaning 62 va 68-moddalarda fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati hamda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Yangilangan Konstitusiyamizning 49-moddasida Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi mustahkamlandi. Ahamiyatlisi, yangi tahrirdagi Konstitusiyada ushbu normaning kiritilgani mintaqa aholisi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va ularning turmush darajasini sifat jihatdan yaxshilashga xizmat qilishi tayin.

Shuningdek, mazkur norma mamlakat aholisi va kelajak avlod uchun qulay va ekologik toza hududni saqlab qolish, Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik darajasini kamaytirish, aholi yashashi va mehnat qilishi uchun qulay atrof-muhitni ta’minlashning konstitusiyaviy kafolatlarini yaratadi.

E’tiborlisi, yangi tahrirdagi qomusimizning 49-moddasiga asosan mamlakat aholisining qulay atrof-muhitda yashashga qonunan haqli ekanligi, davlatning ekologik huquqlarni ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi hamda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi qat’iy belgilandi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarda, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, ekologiya sohasida saqlanib qolayotgan muammolarni birgalikda hal qilish mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Sir emaski, bugun dunyo miqyosida ekologik muvozanatning buzilishi – atmosfera havosining ifloslanishi, yirik o‘rmonzorlarning yo‘qolib borayotganligi, katta shaharlarda qurilishlar jarayonida daraxtlarni shafqatsizlarcha kesish, suv manbalaridan isrofgarchilik bilan foydalanish va ifloslantirish, yer resurslaridan nooqilona foydalanish hamda Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar, qushlarni qonunga zid ravishda ovlash va o‘simliklarni yo‘qolishi, afsuski, aksariyat hollarda inson omili ta’sirida yuz bermoqda. Bu kabi dolzarb ekologik muammolar hisobga olinsa, tabiatni muhofaza qilish, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish har bir fuqaroning vijdoniy burchi ekanligi oydinlashadi.

Shu bilan birga, Konstitusiyaga kiritilgan 66-moddada mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi, tasarruf etishi, mol-mulkidan foydalanishda atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerakligi belgilanganligi fuqarolarning tabiatga nisbatan munosabatini ijobiy jihatdan o‘zgarishiga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi organlarning hududlar tabiiy sharoitidan kelib chiqib, tuman va shaharlarni ekologik jihatdan rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishiga oid norma kiritilgani tabiiy muhit barqarorligini ta’minlash borasidagi islohotlar ijrosida muhim kafolat bo‘ldi.

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilgan huquqiy kafolatlar bu boradagi islohotlarni izchil amalga oshirishda muhim dasturul amal bo‘lmoqda. Aynan yangi tahrirda qabul qilingan Konstitusiyaning uzviy davomi sifatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish sohalariga oid bir qator O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarining qabul qilingani ushbu fikrlarning yorqin dalilidir.

Jumladan, joriy yilning 18 va 24 noyabr kunlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, mazkur yo‘nalishdagi davlat boshqaruvini va nazorat tizimini takomillashtirish, shuningdek, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 1 ta qarori qabul qilindi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlarini oldini olish borasida amalga oshiriladigan ishlarni yangicha yondoshuvlar asosida tashkil etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Farmonga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilib, unga qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi qilib belgilandi.

Qo‘mitaga asosiy vazifalaridan tashqari, “Chiqindilardan holi hudud”, “Toza havo, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat va “Biomeros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Ushbu hujjatlar bilan mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, ekologik muammolarga barham berish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish kabi dolzarb masalalarda islohotlarni amalga oshirilishi qamrab olindi va belgilangan ustuvor vazifalar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Ma’lumki, tabiatni asrab-avaylash, uni muhofaza qilish kishidan har tomonlama bilimga ega bo‘lishni talab etadi. Shu o‘rinda mamlakatimizda ham har tomonlama bilimli ekologlar mutaxassislarga bo‘lgan talab nechog‘li muhim ekanligini bilish mumkin.

Ushbu jihatlar inobatga olinib, “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorning qabul qilingani yurtimizda ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, rahbarlar va tadbirkorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkoniyatini yaratmoqda.

Qarorda belgilangani kabi kelgusida ushbu universitetda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, rahbarlar va tadbirkorlarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va barqaror rivojlanish sohasida milliy, mintaqaviy va xalqaro innovasion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi bilimlarni tatbiq etadi, jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or ta’lim dasturlari, innovasion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqib, moslashtiradi va joriy etadi.

“Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2026 yilning 1 martiga qadar Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish va uni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, unga 7 ta yo‘nalishda muammolarni bartaraf qilish, shuningdek ekologik vaziyat murakkablashgan holldarda uni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Maxsus komissiyaga 11 ta yo‘nalishda cheklovlar belgilash, ob’ektlar faoliyatini, qurilish ishlarini vaqtinchalik yoki to‘liq to‘xtatish bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatlar berildi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunlarga amal qilinishini ta’minlash davlatning Konstitusiyada belgilangan asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, Asosiy Qomusimiz Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos, ishonchli kafolat hamda barqaror iqtisodiyot va ijtimoiy kafolatlarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqimizning mana shunday ekologik huquqlarini taminlash, tom ma’noda ularning yashash huquqini ta’minlash deganidir. Bularni o‘zida jamlagan Konstitusiyamiz qabul qilinganligining 33 yilligi barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin!

Sodirjon Jakbarov,
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bosh mutaxassisi

Kiritildi: Bugun 18:48. O'qildi: 132 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!