Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Dunyoning eng ilg‘or yetti klinikasi

Dunyoning eng ilg‘or yetti klinikasi

Pandemiya davrida tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. Dunyoda sog‘liqni saqlash tizimining asosi yirik klinikalar hisoblanadi. Ularda nafaqat davolash, balki tibbiyotning bir necha yillik istiqbollarini belgilovchi tadqiqotlar ham olib boriladi.

Quyida taqdim etilayotgan ro‘yxatni mukammal reyting deb bo‘lmaydi. Sababi, har bir klinika o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilg‘or. Ammo aynan mana shu tibbiy maskanlar jahon yetakchilari ekanini anglatuvchi nisbiy ko‘rsatkichlar bor, deydi Dori-Darmon" AK matbuot xizmati.

Jons Hopkins klinikasi

AQShning Baltimor shahridagi bu ko‘p tarmoqli klinikada juda murakkab operasiyalar amalga oshirilgan, tibbiyotda muhim rol o‘ynagan tadqiqotlar qilingan, uning talabalari ichidan Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan.

Bugungi ro‘yxatdagi dastlabki o‘rinda joylashishi sababi aynan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq. Bu kasallik bo‘yicha eng ishonchli va foydali tavsiyalar, statistik ma’lumotlar hamda davolash taktikalarini tanlashda shu klinika faoliyati etalon vazifasini bajardi.

Chuqur tadqiqotlari orasida gen injeneriyasi alohida o‘rin tutadi.

Kris Xani Baragvanat shifoxonasi

Uzoq Janubiy Afrika Respublikasining poytaxti Yoxannesburg shahridagi bu klinikada pandemiyaga qadar ham 5 ming nafar xodim ishlagan. Klinikaning obro‘si balandligi sabab, masofa uzoq bo‘lishiga qaramay, juda ko‘p davlatlardan bemorlar kelib yaxshigina pul to‘lab davolanishadi.

70 gektar maydonda joylashgan bu tibbiy maskanda birvarakayiga 3000 kishi davolanishi mumkin. Pandemiya davrida xodimlar soni ham, bemorlar soni ham o‘rtacha 20-25 foizga oshgan.

Stenford klinikasi

AQShdagi bu klinikaning o‘ziga xos jihati – innovasion texnologiyalar qo‘llashi bilan barchadan o‘zib ketgan. Bu tibbiy maskan telemedisina, mikrojarrohlik kabi qator murakkab yo‘nalishlarda ilg‘or hisoblanadi. Shuningdek, tibbiy uskunalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha eng kuchli tadqiqotlar ham aynan shu klinikada o‘tkaziladi.

Bu maskan xodimlari bir vaqtda ham yurak, ham o‘pkani ko‘chirib o‘tkazganlari, shuningdek, AQShda birinchi bo‘lib yoshi katta odam yuragini ko‘chirganlari bilan maqtana oladilar.

Great Ormond Street – eng yaxshi bolalar shifoxonasi

Tibbiyotning juda katta qismi bo‘lgan pediatriya yo‘nalishida Londondagi 1852 yilda asos solingan bu shifoxona oldiga tushadigani yo‘q. Dunyoning juda ko‘plab davlatlarida turli yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib boradigan bu klinika bolalar duch keladigan eng murakkab kasalliklarni davolash bo‘yicha qator patentlarga ega.

Xizmatlari ancha qimmat bo‘lsa-da, tibbiy sug‘urtalar bolalar joniga ora kiradi.

Anderson onkologiya markazi

Texas universiteti qoshidagi bu tibbiy markaz onkologiya sohasida yetakchi hisoblanadi. So‘nggi yillardagi o‘lim sababchilari orasida tobora yuqorilab borayotgan saraton kasalliklari ko‘paygani sari bu klinikaning tadqiqotlari qamrovi ham, bemorlari soni ham ortib bormoqda.

Bu klinika onkologiya yo‘nalishidagi tadqiqotlar uchun bir yilda o‘rtacha 700 mln dollardan 1 mlrd dollargacha investisiya kiritadi.

Charite, Berlin

Umuman, Germaniya tibbiyoti klinikalari ham jahonning har qanday tibbiy maskanlari bilan bellasha oladilar. Birgina Charite klinikasida bu davlatdagi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblarining yarmidan ko‘pi ishlaydi.

Mazkur klinika murakkab jarrohlik, xususan onkologiya, transplantologiya bo‘yicha tadqiqotlar maskani hisoblanadi.

Massachusets bosh gospitali, Boston

1811 yilda asos solingan bu tibbiy markaz qator yo‘nalishlarda ilg‘or bo‘lsa-da, aynan yurak kasalliklari bo‘yicha yutuqlari jihatdan yaqqol yetakchi hisoblanadi. Jahonning eng malakali kardioxirurglari ushbu klinikada faoliyat yuritadilar, ta’lim oladilar yoki tajriba orttiradilar.

Noyob tadqiqotlari bilan mashhur bu klinika xodimlari orasida Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilganlar soni 10 nafarni tashkil qiladi.

 

Kiritildi: 20:12 28.10.2020. O'qildi: 2183 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!