Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Bozorchi ayollar ayol emasmi? Bozorchi ayol hikoyasi

Bozorchi ayollar ayol emasmi? Bozorchi ayol hikoyasi

«Daryo» ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. «Soyadagi odamlar» loyihasining bu galgi qahramoni o‘ttiz yildan buyon bozorda savdo qilib kelayotgan ayol.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Zulfiya. Yaqinda 62 yoshga kirdim. 30 yildan beri dehqon bozorida savdo qilaman.

Bolaligimdan fermada sut sog‘uvchi bo‘lib ishlaganman. To‘g‘risini aytsam, maktabda o‘qimaganman. Birinchi sinfdan 3-sinfgacha uch kun borganman xolos. O‘qituvchim maktabga kelmaganim uchun sinfdoshlarim ichida meni qattiq urgan. O‘sha paytlari qora rangli siyoh bo‘lardi. Peroni unga tekkizib yozardik. Kaltak yeganimdan keyin jahl ustida ana shu siyohdonni o‘qituvchimni boshidan quyib, qochib ketganman. Shu bo‘yi qaytib maktabga bormaganman. U paytda hozirgidek davomat kuchli tekshirilmasdi. Keyin savdoga o‘rgandim. Sog‘gan sut-qatiqlarimni bozorga olib kelib, sotib ketardim.

Bozor menga ko‘p narsani o‘rgatdi

Masalan, o‘sha paytlari rus tilini bilmasdim. Bozorga mabodo ruslar kelib qolsa, narxini qo‘limda yoki qog‘ozga yozib ko‘rsatardim.

Keyinchalik oila qurdim, farzandli bo‘ldim. Besh-olti yil uyda o‘tirdim. Balki keyin ham uyda o‘tirishim mumkin edi, agar hayotimda yo‘qotishlar bo‘lmaganida... Birdaniga uch yaqin insonimni — ota-onamni, turmush o‘rtog‘imni tuproqqa qo‘ydim. Yosh edim, kutilmagan yo‘qotishdan dovdirab, ikki oy bir joyda yotib qoldim. Sog‘lig‘im yomonlashgandan keyin doktorlar tekshirib, o‘zingizni chalg‘iting, biror ish bilan mashg‘ul bo‘ling deb maslahat berdi. Xotiralardan qochish, ko‘ngil yozish va uch go‘dagimni boqish uchun bozorga chiqdim.

Odamlarni ko‘rib yozilaman

Hozir bolalarim ertalab meni bozorga tashlab, kechki payt o‘zlari olib ketishadi. Iloji boricha bir kun ham bozordan qolmaslikka harakat qilaman. Agar uyda qolsam, xotiralar meni yeb qo‘yadiganday. Bozorga kelib chalg‘iyman, og‘riqlarimni unutganday bo‘laman.

Yoshim o‘tib borsa-da, bolalarim bozorga chiqishimga qarshilik qilishmaydi. Faqat kichkina o‘g‘limning jahli chiqadi. «Ona, bo‘ldi qiling, bunaqa sovuqlarda ko‘chada turmang, kasal bo‘lib qolasiz», deydi. Lekin katta o‘g‘lim «unaqa dema uka, onam qayerda o‘zini baxtli his qilsa, o‘sha yerda ishlasin», deb yonimni oladi.

Bolalarim haqida gapiradigan bo‘lsam, uch farzandim bor. Bir qiz va ikki o‘g‘il. Qizim yonimda savdo qiladi. Katta o‘g‘lim savdogar, mashina olib sotadi. Kelinim esa kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanadi. Kichkinam kirakash. Barchamiz savdo sohasidamiz.

Sahardan bozorda hayot qaynaydi

Savdogarlar turli shaharlardan: Baxmal, Namangan, Shohimardondan meva olib kelishadi. Har kuni soat 5:00 da kelib, «optom»dan yuk olaman. Keyin qorong‘u tushib, bozor bekilguncha shu yerda turaman.

Bilasizmi, sheriklarimning aytishicha, erlari «yoshi katta xotin sahardan kelib ish boshlaydi, senlar kech kelasan», deb urishib berarkan.

Sotuvchining prinsiplari

Sotishning har xil usullari bor. Agar to‘yga yoki qandaydir marosimlar uchun olayotgan bo‘lsa, yaxshi muomala qilsa, ustiga ming so‘m qo‘yib sotaveraman. Yoki birinchi xaridor bo‘lsa, bay ochish uchun ancha narxidan o‘tib beraman. Agar muomalasi yoqmasa, ancha qimmat aytaman yo umuman sotmayman.

Odamlardagi mensimaslik xislatini juda yomon ko‘raman

Ba’zi xaridorlar kelib qo‘lini uchida yoki yerdagi «korobka»ni tepib turib, mana bu qancha deb so‘rashadi. Yomon jahlim chiqadi. Axir yeydigan narsani oyog‘i bilan tepish yaxshi emas. O‘zimizda ko‘p mevalar yo‘q. Odamlar uzoq viloyatlardan qancha qiynalib olib kelishadi.

Bu yil olma kam bo‘ldi, shunga yarasha  narxi ancha baland. Shuning ortidan ham ko‘p kelishmovchiliklar chiqyapti. Nimaga qimmat sotyapsiz deb urishganlar ko‘p bo‘ladi. Gohida «iye o‘zingiz qanchaga oldingiz demaydi-ya» deb xafa bo‘lib qolaman.

Pul topish uchun bozorga chiqmayman

Do‘kon qilish niyatim bo‘lmagan, doim ochiqda savdo qilaman. To‘g‘ri, qishlarda, qahratonlarda tashqarida turish qiyin bo‘ladi, lekin ko‘chada sotish har taraflama yaxshi. Ortiqcha xarajatning oldini oladi. Masalan, yaqinda bir sherigim anchagina pul sarflab, «akfa»dan do‘kon qildi. Lekin hokim kelib bir kunda buzdirvordi. Shuncha pulga kuygani qoldi. Shuning uchun ochiqda sotgan qulay. Hozir bir yarim millionga katta «zontik» olib kelib tarqatishdi. Arendaga oldik. Endi uni yoyib qo‘yib sotaveramiz.

Tushum bozorga qarab. Agar yaxshi bo‘lsa, kuniga 80-100 ming so‘m topaman. Bo‘lmadi deganda 50-60 ming so‘m. Agar qancha ko‘p dastmoya qilsangiz, shuncha ko‘p qoladi. Bunisi ham bor.

Yana bir gap. Ochig‘i, bu yerga pul topish uchun chiqmayman. Bolalarim yaxshi topishadi. Ishlashimga hojat yo‘q. Lekin uyda o‘tirsam siqilib qolaman. Xuddi uy meni yutib ketgandek bo‘laveradi. Shuning uchun qancha topsam ham bozorga chiqaveraman.

Bozorchi ayollar janjalkash bo‘ladimi?

Ha, aksariyati asabiy, urishqoq bo‘ladi. Chunki hayot ularni shunga majbur qilgan. Yonidagilar bilan joy, mol talashib urishadi. Masalan, men o‘n yashik olma olayotgan bo‘lsam, kelib besh yashigini menga berasiz deb talashadi. Shundan keyin janjal chiqib ketadi.

Bilasizmi, hech kim janjalkash bo‘lib tug‘ilmaydi, o‘z-o‘zidan urishqoq ayolga aylanmaydi. Hammasi tirikchilik qilaman, bolalarimni boqaman deb shu holga tushishadi. Mana yonimdagi ayolning yaqinda eri olamdan o‘tdi. Bolalarini boqish uchun bozorga chiqqan, oson emas. Ular ham ayol! Ular ham baxtli yashashga haqli. Biroq alamlar, qiyinchiliklar ayolni shunaqa qilib qo‘yadi.

Bunda xaridorlarning ham «hissa»si katta bo‘ladi. Masalan, hozir ikkita yosh qiz kelib, olma narxini so‘radi. Aytsam, «Tavba, uyalmasdan 15 ming deyishini qaranglar, qo‘llarini og‘zilariga tiqvopti», deb piching qilib ketishdi. Jahlim chiqdi. Lekin indamadim.

To‘g‘ri, gohida bu yil olma kam bo‘ldi-da, shuning uchun hozir qimmat deb aytganlar ham bo‘ladi. Afsuski, tushunadiganlar oramizda juda kam-da. Ana shu piching, qattiq gaplar odamni shunaqa asabiy va urishqoq qilib qo‘yadi.

Hayotimdan mamnunman

Bolalarim bor, hammasi o‘z yo‘lini topgan. Oilam tinch, ishim bor. Har kuni ishdan keyin nabiralarimga nimadir olib boraman. Xursand qilaman. Hayotimdan mamnunman.

Yangi kelayotgan yildan ham niyatlarim ko‘p. O‘g‘limning kichik farzandiga sunnat to‘y qilishimiz kerak. To‘yni o‘tkazib olgandan keyin nasib qilsa Hajga borish niyatim bor.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Kiritildi: 06:45 21.12.2019. O'qildi: 3145 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!