Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Botqoq yo‘lga qadam qo‘ygan qizga maktub

Botqoq yo‘lga qadam qo‘ygan qizga maktub

Menga bir qizdan maktub keldi. Maktub muallifi o‘zining ahvolini batafsil bayon qilganidan keyin shayton to‘riga ilingani va hayotning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlarida adashib, toyilgani haqida kuyinib, iztirob ila yozgan edi. Mening unga javobim quyidagicha:

Maktubingizdagi satrlarni o‘qib, sizga ich-ichimdan achindim. Ahvolingizni yaxshi tushunib turibman, chunki men o‘z faoliyatim davomida siz kabi ko‘plab yoshlarning hasratiga quloq tutganman, ular bilan birga dard chekkanman. Bunday vaziyatga tushib qolish oson, lekin undan xalos bo‘lish mushkuldir. Faqat Alloh asragan bandalargina undan qutulib ketishi mumkin.

Men shuni yaxshi bilamanki, agar ikkingiz er-xotin bo‘lganingizda, ushbu muammolarning hech biriga duch kelmagan bo‘lardingiz. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak. Bu shaytonning harom qilingan daraxtdan yeyishga gijgijlashi va insoning oqibatni o‘ylamay, unga ijobat qilishining bir ko‘rinishidir.

«Yana u ikkovingizni jannatdan chiqarib, badbaxt bo‘lib qolmagin» (Toha surasi, 117-oyat).

Afsuski, mana shunday telefon, pochta yo boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘ladigan aloqalar yomon odat va jirkanch ishqibozlikka aylanib qoldi. Ayniqsa bekorchilikni kasb qilib olgan, vaqtlarini band qiladigan foydali biror amaliy mashg‘uloti yo‘q kishilar uchun ofat bo‘ldi.

Aziz singiljonim, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, agar siz tanlagan o‘sha nomard haqiqiy erkak bo‘lganida, shunday pastkashlikka, gunohga qo‘l urarmidi? O‘zini ham, sizni ham ushbu halokatli jarlik sari yetaklarmidi? Uning qarshisida o‘zi tanlagan harom yo‘l bilan birga Alloh taolo halol qilgan yo‘l ham bor edi, unga tanlash imkoniyati ham berilgan edi! Uning ijtimoiy, moliyaviy yoki boshqa holatlari bunga yo‘l bermadi, deb faraz qilganimizda ham, uning bunday xatarli botqoqda uloqib yurishida nima ma’no bor?

Men ba’zi yigitlarni hech tushunolmayman: ulamolarning fatvolarini yoddan bilishadi, internet olamidagi islomiy saytlarni kuzatib borishadi va shu asnoda siz kabi qizlar bilan mana shunday xudbinlarcha aloqaga chiqishadi! O‘sha nobakor o‘zining singlisi yoki qiziga shunday munosabat bo‘lishini istarmidi? Agar o‘zining yaqinlari bilan shunday holat yuz bersa, qalbi ozor chekmasmidi? Siz haqingizdagi ushbu xotiralar bilan u sizni o‘ziga xotin qilib oladi deb o‘ylaysizmi? Uning uchun siz oddiy bir o‘yinchoq, vaqtini ko‘ngilxushlikda o‘tkazishi uchun ovunchoqsiz, xolos. Sizga taklifim shuki, unga shu kabi savollarni beringda, ularga ochiqchasiga va aniq javob berishini talab qiling.

Shundan so‘ng siz o‘zingiz ko‘zlaringizni bir zumga yumib, o‘zingizning besh yil keyingi – rafiqa, ona va uy bekasi bo‘lgan holingizni bir tasavvur qilib ko‘ring. O‘tmishingizni bugungi harom lazzatlar bilan bulg‘angan holda ko‘rishni, kelajakdagi vafodor juftingiz bilan vijdon azobida yashashni istamasangiz kerak? Axir bir umr undan o‘tmishingizni yashirib, agar bilib qolsa, ajrashib ketishimiz mumkin, degan hadik bilan yashash osonmi?! Hayotingizda turli noxushliklarga, ko‘ngilni g‘ash qiluvchi holatlarga duch kelganingizda o‘zingizning bugungi qilmishingizdan boshqa sabab topa olmay ezilishni istamasangiz kerak? Shuni yaxshi bilingki, sizning xunuk o‘tmishingizni insonlarning bari unutib yuborishi yoki mutlaqo eslamasligi mumkin, lekin hamma narsani ko‘rib-bilib turuvchi Zot – Alloh taolo barchasini hisob-kitob qilib turibdi.

Shuni bilish lozimki, orangizdagi ushbu munosabatlar, aldamchi tuyg‘ular haqiqiy emas, vaqtinchadir. Ular hayot sinovlariga javob bera olmaydi, chunki ular to‘g‘ri, yaroqli poydevor ustiga qurilmagan.

Inson o‘z hayoti davomida oila degan kichik bir jamiyat barpo qilishi, ushbu oshyonda farzand tarbiyalashi, hayot mashaqqatlari va muammolarini yengib o‘tishi, har doim ham ravon, bir tekisda kechmaydigan turmushning mushtlariga bardosh berishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, Alloh taologa bandalikni eng oliy g‘oya deb bilgan va oilaviy hayotni ushbu bandalikni ado etishning bir yo‘nalishi qilib belgilagan din-diyonat ishlariga rioya qilishi ham lozimki, bu haligiday xayoliy muhabbat bilan ado topmaydi. Binobarin, dunyo ham, dinu diyonat ishlari ham o‘zaro mehr-muhabbat asosida va eng asosiysi, nikoh asosida qurilgan oila bilangina obod bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

«Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratgani va oralaringizda mehru muhabbat va marhamatni solib qo‘ygani Uning oyat­belgilaridandir» (Rum surasi, 21-oyat).

Er-xotin muhabbat bilan erisha olmagan natijalarga Allohning rahmati bilan erishishlari mumkin. Shuning uchun ham Umar roziyallohu anhu: «Hamma uy ham sevgi asosiga qurilavermaydi. Balki nasablar va Islomga binoan yashash bilan barpo bo‘ladi», deganlar.

Sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Har bir yaxshilik sadaqadir... Biringizning jinsiy yaqinligi ham sadaqadir», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli! Birimiz shahvatini qondirsa, unga bunda ajr bo‘ladimi?» deyishdi.

«Aytinglarchi, agar u o‘shani haromga qo‘ysa, unga gunoh bo‘larmidi? Shuningdek, agar uni halolga qo‘ysa, bu uning uchun ajr bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan. 

Ha, Islom er-xotin orasidagi jinsiy aloqani yaxshilik, sadaqa va ajr darajasiga, Alloh taoloning ismi zikr qilinadigan aloqa darajasiga ko‘tardi.

Bunga qarshi o‘laroq, bundan boshqa doiradagi aloqalarni adovat, fahsh va ochiqdan-ochiq gunoh deb sanadi. Kimki nafsini harom bilan huzurlantirsa, albatta, u buning jazosi sifatida halol lazzatdan mahrum bo‘ladi.

«Robbing bandalarga zulm qiluvchi emas» (Fussilat surasi, 46-oyat).

Aziz singiljonim, endi siz Allohga tavba qilishga, Undan mag‘firat so‘rashga talpining! Allohning zikri tilingizdan tushmasin! Qur’on tilovat qilishdan charchamang! Robbingizning azamatini, muroqabasini, eshitib, ko‘rib turganini his etgan holingizda faqat O‘ziga suyaning! Zotan, U hamma narsani eshitib, ko‘rib turuvchi Zotdir.

Har doim aql bilan ish yuriting. Aldamchi his-tuyg‘ularga, hoyu-havaslarga berilib, adashib, uloqib ketmang. Qay bir ishga qo‘l ursangiz ham, uning diningizdagi, sha’ningizdagi, ruhiyatingizdagi, oilangizdagi, buguningiz va ertangizdagi oqibatlarini yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

Alloh taolodan sizni har turli toyilishlardan saqlashini va bir zum ham o‘z holingizga tashlab qo‘ymasligini hamda qo‘lingizdan tutib, omonlik qirg‘og‘iga eltib qo‘yishini so‘rab qolaman. Albatta, U Zot Rohman va Rohimdir.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 05:00 21.10.2020. O'qildi: 3408 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!