O‘zbekistonda 5 mingdan ziyod muzlatkich va xolodilniklar bojxona omborlarida oylab turib qolgani jamoatchilik noroziligiga sabab bulgan. Biznes vakillari esa Prezident farmoniga qaramay, sertifikatlash jarayonining sun’iy to‘siqlarga uchrayotganini tanqid qilgan edi.
2025 yilning aprel oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev sertifikatlash bo‘yicha rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish va yuqori xavfga ega mahsulotlar uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabini bekor qilish haqida farmon chiqargandi. Unga ko‘ra, vitrinali muzlatkichlar kabi texnikalar uchun muvofiqlik deklarasiyasi joriy etilishi kerak edi.
Shu bilan birga, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilar ayni paytgacha ushbu farmon amalda to‘liq ishlamay kelayotganini ma’lum qilishdi. UzBev uyushmasi rahbari Alfiya Musinaning ta’kidlashicha, 5 mingdan ziyod vitrinali muzlatkich uch oydan ziyod bojxona omborlarida turib qolgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar texnik talablarga to‘liq javob bera olmagani sababli, xorijiy uskunalarga ehtiyoj saqlanib qolgan.
Ta’kidlanishicha, Texnik tartibga solish agentligi — «O‘zstandart» hali ham farmonni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmaganini asos qilib, rasmiylashtirishni kechiktirgan. Jamoatchilik muhokamasi, jurnalistlar va Savdo-sanoat palatasi aralashuvidan so‘ng masala yechim topdi. Uzoq kutilgan muzlatkichlar sertifikat olib, savdo nuqtalariga yetkazildi.
Biznes vakillari bunday muammolarni har gal qo‘lbola yo‘llar bilan hal qilish samarasiz ekanini ta’kidlashmoqda. UzBev va «O‘zeltexsanoat» ushbu masalada yangi talablar ro‘yxatini ishlab chiqdi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bozor talablariga moslashishga chaqirdi.
Hozirda «O‘zstandart» xalqaro amaliyot asosida muvofiqlik deklarasiyasini joriy etish ustida ish olib bormoqda. UzBev bu jarayonni takomillashtirish uchun o‘z ekspertlarini jalb etishga tayyor ekanini bildirgan.