Beninda hokimiyatni noqonuniy egallab olishga urinishda ayblanib, 13 kishi hibsga olindi.
Bu haqda hukumatdagi manbaga tayanib, La Nouvell Tribune nashri xabar berdi.
"Bir guruh harbiy xizmatchilarning qo‘zg‘oloni ortidan Beninda keskin vaziyat yuzaga keldi. Bugun tongda boshlangan harakatlar davlat va uning institutlarini beqarorlashtirishga qaratilgan", deyiladi hisobotda.
Hukumatga yaqin manbalar 13 kishi, jumladan SRTB radioeshittirish korporasiyasi binosiga bostirib kirgan 12 kishi va bir sobiq harbiy xizmatchi hibsga olingani haqida xabar berdi. Ayni paytda, 24 Heures au Benin nashri isyonchilar yetakchisi Tigri Paskal qochib ketayotgani, uni faol qidirish ishlari olib borilayotgani haqida xabar bermoqda.
Benin ichki ishlar vaziri Allassan Seyduning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari o‘zlarining fidoyi harakatlari evaziga vaziyatni nazoratda ushlab, davlat to‘ntarishining oldini olgan.