Bugun 17 oktyabr, 2019 yil, payshanba

КИР

Aybini tan olgan tadbirkor jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi

Aybini tan olgan tadbirkor jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi

Moliyaviy sanksiyalar (jarima) soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik chorasi bo‘lib, qonunchilikka asosan sud tartibida qo‘llaniladi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Bildirilishicha, so‘nggi yillarda hukumat tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan soliq sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha bir qator yengilliklar berib kelinmoqda.

Jumladan, ilgari moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy ravishda oldindan to‘lab berganligi uchun yengilliklar nazarda tutilmagan hamda jarimalar tadbirkorning moddiy ahvolini inobatga olinmasdan qo‘llanib kelingan bo‘lsa:

endilikda, moliyaviy sanksiyani qo‘llashda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, shuningdek huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olib, sud moliyaviy sanksiyaning eng kam darajasidan ham kamroq, biroq belgilangan sanksiya eng kam miqdorining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda moliyaviy sanksiyani qo‘llashga haqli ekanligi;

soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar va penya materiallar sudga berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda tadbirkorlik sub’ekti - soliq to‘lovchi o‘ziga nisbatan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaganligi uchun jarimalar qo‘llanilishidan ozod qilinishi;

soliq nazorati tadbirlarida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kirim qilinmagan tovarlarni saqlash va realizasiya hajmini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari aniqlangan taqdirda - kirim qilinmagan tovar qiymatining va yashirilgan summaning 20 foizi miqdorida jarima solinishi (ilgari yashirilgan summaning 100 foizi miqdorida jarima qo‘llanilgan);

kirim qilinmagan tovarlar qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yoki jinoyat ishi doirasida davlat daromadiga o‘tkazilgan taqdirda, sanksiya qo‘llanilmasligi kabi me’yorlar amaliyotga kiritilgan.

Kiritilayotgan bu kabi me’yorlar bilan davlat g‘aznasiga ma’lum miqdorda pul mablag‘lari tushmasligi mumkin. Lekin, tadbirkorni turli xil moliyaviy sanksiyalar bilan yuklab tashlanadigan bo‘lsa, tadbirkor oborot mablag‘idan ajralib, korxonasi bankrot bo‘lishiga, ishbilarmonlik muhitining yomonlashuviga, investision jozibadorlikning kamayishiga hamda yaratilgan ish o‘rinlarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Prezidentning «Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yana bir yangilik joriy etildi.

Xususan, soliq to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlarining soliq sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini tan olib, uni olgan kundan e’tiboran 10 kun muddatda moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, tadbirkorlik sub’ektlari mansabdor shaxslari va xodimlarini jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etish belgilandi.

Shuningdek, soliq to‘lovchi moliyaviy jarima miqdorining 50 foizini 10 kun ichida ixtiyoriy to‘lasa, jarima summasining qolgan qismini to‘lashdan ozod etish belgilandi.

Bunday tajriba Rossiya va Turkiya davlatlarida tatbiq etilgan.

Misol uchun, yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlik uchun tadbirkorga nisbatan 300 mln. so‘m moliyaviy sanksiya belgilanadigan bo‘lsa, belgilangan 10 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda 150 mln. so‘mi to‘lab berilsa, qolgan 150 mln. so‘m pul mablag‘i tadbirkor ixtiyorida qoladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ekti mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikdan va ma’muriy javobgarlik ozod bo‘ladi. Bu nafaqat korxonani, balki uning mansabdor shaxslarining xarajati tejalishiga ham olib keladi.

Tahlillarga asosan, tadbirkorlar tomonidan jarimalarni belgilangan muddatda ixtiyoriy to‘lash ulushi 2016 yilga nisbatan 2018 yilda 1,4 barobarga oshgan, deyiladi DSQ xabarida.

Kiritildi: 10:45 12.07.2019. O'qildi: 748 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!