Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

ASRNING UCHINCHI KATTA ZARBASI

ASRNING UCHINCHI KATTA ZARBASI
YOXUD KORONAVIRUSDAN KEYIN DUNYo QANDAY MUAMMOLARGA DUCh KELISHI MUMKIN?
 
Koronavirus va uning oqibatlari, ushbu oqibatlarni bartaraf etish yo‘llari va hatto bu haqda o‘ylash ham hozir butun dunyoni to‘xtatib qo‘ydi. 
 
Bu dunyo iqtisodiga katta xavf tug‘diradigan to‘xtash bo‘ldi. Deglobalizasiya jarayonini koronavirus boshlagan bo‘lmasa-da, nazarimda, u ushbu jarayonni tezlatib yuborayotganday. COVID-19ning tarqalishi, asosan turli mintaqalardagi insonlar o‘rtasidagi aloqalar osonligi, davlatdan davlatga ko‘chib yurishning juda yengilligining ta’siridir, bu giper aloqalar virus tarqash jarayonni sezilarli darajada tezlashtirdi hamda hozir va kelajakka chuqur ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu virusga qarshi kurash, odamlarni bir-biridan ajratishni o‘z ichiga oladi, ya’ni biz so‘nggi o‘n yilliklarda va undan oldin ham boshdan kechirgan narsalarning mutlaq aksi. Juda ko‘p mamlakatlarda quruqlik, dengiz va havo chegaralari yopilmoqda. Hatto liberal siyosiy tuzim ustiga qurilgan davlatlarda ham.
 
ASRNING UCHINCHI KATTA ZARBASI
 
COVID-19 inqirozi, 21-asrda insoniyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 2001 yilgi 11 sentyabr hujumlari va 2008 yilda "Lehman Brothers"ning qulashi bilan boshlangan iqtisodiy inqirozlardan keyingi uchinchi katta zarba bo‘ldi. Ammo COVID-19 yuqoridagi muammolarning barchasiga olib kelishi mumkinligi bilan ajralib turadi. Bu yangi moliyaviy inqirozlarga ham olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xavfdir. Ehtimol, hozir dunyoda qo‘zg‘atilgan turg‘unlik — bu virusga qarshi tanlangan kurashning eng oqilona usulidir, ya’ni odamlarni uyda saqlash talabi. Ammo buning dunyo hukumatlarida pandemiya oqibatlarini yengish uchun vositalar kamroq bo‘lgan bir paytda yuz berishi, kelajakda juda katta xarajatlarga olib keladi.
 
ISHLAB CHIQARISHNI MILLIYLASHTIRISh DAVRI
 
Borgan sari 2008 yildagiga qaraganda ancha murakkab bo‘lgan hozirgi qiymat zanjirlari to‘xtamoqda yoki sekinlashmoqda. Masalan, hozirda asosiy xom ashyosini Xitoydan oladigan, avtomobillar, butlovchi qismlar yoki o‘yinchoqlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradigan ko‘plab fabrikalar, zarur komponentlarning yetishmasligi tufayli ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki to‘xtatishga majbur bo‘lmoqdalar. Aviareyslar va boshqa sayohatlar soni keskin kamaymoqda. Globallashuvning asoslaridan biri bo‘lgan ixtiro-konteyner tashish ham kamaydi. Jahon turizmiga juda jiddiy zarba berildi va tiklanish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Pandemiya biz insonlarning o‘zaro bog‘liqligimizga zarba berdi. O‘zgarishni talab qiladigan ovozlar ham bor. Masalan, Fransiya moliya vaziri Bryuno Le Mer: “Biz Xitoy kabi katta kuchlarga qaramligimizni kamaytirishimiz kerak”, deb ta’kidlaydi. Bu AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning ham bu masalaga bo‘lgan qarashlaridan farq qilmaydi. Ko‘pgina kompaniyalar ushbu haddan tashqari “bog‘lanib qolish” ortidan kelishi mumkin bo‘lgan xatarlardan xabardor va bunga chek qo‘yishni o‘ylamoqdalar. Yaqinda Amerika Banki o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, transmilliy korporasiyalarning 80 foizi o‘zlarining mahsulotlarining bir qismini boshqa mamlakatlardan o‘z davlatlariga qaytarish rejalarini tahlil qilishgan.
 
Bularning barchasi Tramp ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi texnologik muammolarni yechish jarayoni oldida sodir bo‘lmoqda. Virusni devorlar emas jamoat orasidagi masofa to‘xtatmoqda, shu nuqtai nazardan ushbu ishlab chiqarishlarni milliylashtirishga yoki hech bo‘lmaganda mintaqalashtirishga olib keladi. Dori-darmonlarni yetkazib berish nuqtai nazaridan ham, bu inqiroz, masalan, Yevropaning Xitoy yoki Hindistonda ishlab chiqarilgan dori-darmonlarga qaramligini ko‘rsatmoqda. Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytexning aytishicha, dorilarning uchdan bir qismi ushbu mamlakatlardan kelishi, yevropaliklar bu borada ularga qaram bo‘lib qolayotganini va ta’minotni kafolatlash uchun ularning ishlab chiqarilishini Yevropaga olib kelish kerakligini ta’kidlagani, yuqoridagi fikrlarning isbotini bermoqda. Bunga javoban, Xitoy, o‘z mamlakatida pandemiya nazorat ostiga olinishi bilanoq, Italiya va Ispaniyaga ommaviy dori-darmonlar yetkazib bermoqda, Tramp esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishlariga zid ravishda Yevropa va AQSh o‘rtasidagi aviareyslarni bir tomonlama tartibda to‘xtatdi.. Bu esa o‘z navbatida transatlantik munosabatlarga yanada ko‘proq zarar yetkazadi.
 
KORONAVIRUS - RAQAMLI GLOBALLASHUV SABABCHISI
 
Ammo, agar COVID-19 va uni boshqarish usuli jismoniy globallashuvni sekinlashtirsa, demak, bu onlayn ko‘rinishda bo‘lgan raqamli shakldagi globallashuvga olib keladi. Hozirgi kunda masofadan turib ishlash hamda internet xizmatlari juda katta yutuqlarga erishmoqda. Ammo ularning ham juda ko‘p tarmoqlari, ayniqsa, vazifalarni bajarish, jismoniy aralashuvga asoslangan. Masalan, yetkazib berish va ta’minot tarmoqlarida, xoh yuk mashinalarida yoki velosipedda bo‘lsin, ko‘proq odamlar ishlaydi. Ammo, Xitoy ushbu inqiroz davrida dronlar va boshqa avtonom tizimlardan foydalanishda katta yutuqlarga erishdi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida kasalliklarni aniqlash bo‘yicha raqamli xizmatlar yoki barcha turdagi xizmatlar uchun robotlar taklif qilishda ham ilg‘or bo‘ldi.
 
INDUKTIV BOSHQARUV
 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taklif qilgan ko‘p tavsiyalarni bajarish uchun ko‘plab davlatlar ushbu inqiroz paytida induktiv boshqaruvga qaytishni ma’qul ko‘rdi. Bu inqiroz yo‘q bo‘lgan paytlarda garchi ko‘p darajali boshqaruv zarur bo‘lsa-da, biz nafaqat xalqaro tashkilotlar va o‘z hukumatimiz, balki korxonalar va fuqarolarni ham qamrab oladigan induktiv nazoratga qaytdik. Bu davr individual rahbarlikni talab qiladigan vaqtdir.
 
KORONAVIRUS - POPULIZM ILHOMCHISI 
 
Afrikada 2014-2016 yillarda boshlangan Ebola epidemiyasi paytidagi unga qarshi kurashga Barak Obama boshchiligidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilik qildi. Dunyo siyosatida populizmning kuchayishi ham ushbu pandemiyaning asoratlaridan biri bo‘ldi. Boris Jonson va uning maslahatchilari, koronavirusga qarshi chora ko‘rmaslikni, qancha ko‘p odam kasallanib davolansa ularda bu virusga qarshi immunitet kuchayadi degan farazlarni himoya qiladilar. Ko‘plab fuqarolar va mutaxassislar bunga qarshi isyon ko‘tarishdi va uni himoyalanishga qaytishga majbur qilishdi. Oxir oqibat Boris Jonsonning o‘zi ham hozirda bu kasallikni yuqtirib olib davolanmoqda. Bu virus dunyo siyosatchilari ichida populizmning chegaralarini ham ko‘rsatib berdi. Shu nuqtai nazardan, men hozirda pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumati qo‘llayotgan ommaviy karantin usulini to‘liq qo‘llab- quvvatlayman.
 
Ushbu pandemiyani yengib chiqqanimizdan so‘ng globallashuv biz bilganimizdan farqli ravishda izchil o‘sishdan to‘xtaydi yoki sekinlashadi. Dunyodagi turg‘unlikning uzoq davom etishi esa har doim ham ijobiy oqibatlarga olib kelmasligi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, hozirda butun dunyodagi mavjud bo‘lgan muammolarga go‘yo koronavirus sababchi, ammo aslida bu muammolarni usiz payqamagan bo‘lar edik.                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                           
Nurbek ALIMOV,      
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert

"The Globalist" jurnali materiallaridan foydalanildi.
Kiritildi: 05:45 01.04.2020. O'qildi: 4209 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!