Qo‘shma Shtatlar respublikadagi «demokratiyaga putur yetkazishda mas’ul» bo‘lgan 20 nafar Gruziya fuqarosiga viza cheklovlari joriy qildi, dedi Davlat departamenti. Sanksiyalar hukumat vazirlari, parlament a’zolari, huquq-tartibot va xavfsizlik idoralari xodimlari hamda alohida shaxslarga taalluqlidir. Biroq, Davlat departamenti «qora ro‘yxat»ga kiritilgan aniq nomlarni aytmadi.
“Qo‘shma Shtatlar «Gruziya orzusi» partiyasining Gruziya fuqarolariga, jumladan namoyishchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, huquq himoyachilari va muxolifat vakillariga nisbatan shafqatsiz va asossiz zo‘ravonliklarini davom ettirayotganini keskin qoralaydi”, — deyiladi departament bayonotida. Shuningdek, «Gruziya orzusi» Gruziyaning Yevroatlantika kelajagidan yuz o‘girgani, bu «gruzin xalqining mutlaq ko‘pchiligi orzu qilgan va Gruziya Konstitusiyasida ko‘zda tutilgan»ligi qayd etilgan.
Bungacha Qo‘shma Shtatlar «Gruziya orzusi» bilan aloqador 100 dan ortiq kishi va ularning oila a’zolariga viza cheklovlarini joriy qilgan edi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bir hafta oldin ommaviy norozilik namoyishlari bostirilgani sababli Gruziyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi. U «Gruzin orzusi»ni fuqarolarga nisbatan qatag‘on, qamoq va zo‘ravonlikni bas qilishga, mitinglarda qo‘lga olinganlarning hammasini ozod qilishga chaqirdi.
Gruziyada norozilik namoyishlari oktabr oyi oxirida «Gruziya orzusi» g‘alaba qozongan parlament saylovlaridan keyin boshlangan. Norozilik namoyishlari Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening 28 noyabr kuni rasmiylar Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yil oxirigacha qoldirishi va Tbilisi Yevropa moliyaviy yordamidan bosh tortayotgani haqida e’lon qilganidan keyin bo‘lib o‘tdi.
Namoyishlar chog‘ida qattiq choralar qo‘llagan polisiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. 4 dekabr kuni xavfsizlik kuchlari muxolifatdagi «Milliy harakat», «Girchi – ko‘proq erkinlik», «Droa» va «Axali» partiyalari ofislarida tintuv o‘tkazdi.