Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Anvar Sanayev — antiqa «zapret»larga tushish bo‘yicha rekordchi. Besh yillik birinchi «zapret» amaldorning to‘yi bilan bog‘liq (video)

Anvar Sanayev — antiqa «zapret»larga tushish bo‘yicha rekordchi. Besh yillik birinchi «zapret» amaldorning to‘yi bilan bog‘liq (video)

Xonanda Anvar Sanayev «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Suhbat davomida Anvar Sanayev Buxoroga «kattakon» amaldorning xizmatiga tekinga bormagani uchun besh yil davomida «zapret»da yurgani haqida gapirib berdi.

Hozir ochiqchasiga aytib beraman, chunki bu savol faqat ichimizda bo‘lib kelgan. Davr shunaqa edi, o‘tgan davrda bunaqa narsalarni gapirib bo‘lmas edi. Gapirsang yana bitta ‘zapret’ga uchrar eding. Hozirgi vaqtda Prezidentimizga rahmat, boshlari omon bo‘lsin, mana ochiq gapira oladigan zamonlar keldi, ming shukr.

Davlat rahbarlaridan bittasini to‘yiga aytishdi. ‘Buxoroga borib o‘sha to‘yni o‘tkazib kelasan’, deyishdi. ‘Mayli, harakat qilamiz’, dedim. ‘Bu uchun senga hech qanaqa pul to‘lanmaydi, o‘zing borib, o‘tkazib, o‘zing qaytib kelasan’ deyishdi. ‘Qanaqasiga, men yonimdagi bolalarga ham o‘zim pul to‘larkanmanda’, desam, ‘ha, shunday qilasan’, deyishdi. Bir katta odam shu gapni aytdi, hozir u kishini nomini aytsam, xafa bo‘lib qolishlari mumkin, ularda ham oila, bola-chaqa bor, shuning uchun nomini aytmaganim ma’qul.

‘Hech bo‘lmasa samolyotga bilet qilib berishsin, biz borib, xizmat qilib kelaylik, mayli pul berilmasa berilmasin, rahbar ekan’ dedim. ‘Yo‘q, unday qilinmaydi, o‘zing borib kelasan’, deyishdi.

To‘y bo‘lish sanasini uch oy oldindan aytishgan edi, belgilab qo‘ygandim. To‘yga yaqin qolganda ‘ertaga to‘yga borish kerak’, deyishdi, ‘hech bo‘lmasa borib-kelishga texnikani qilib berishsin, o‘sha to‘yni deb boshqa to‘y olmaganman, shunchalik kerak ekanman boraman’, dedim. ‘Hech qanday texnika qilib berilmaydi, xohlasang ikkita ‘Jiguli’ qilib beramiz’, deb pastga urishyapti, yo‘l uzoq. ‘Hech bo‘lmasa samolyot qilib berishsa boramiz’, dedim. ‘O‘zing bilasan, lekin senga yaxshi bo‘lmaydi’, deyishdi. ‘Mayli boshga kelganini ko‘ramiz’, dedim.

Ertasi kuni televideniyedan tel qilib, ‘nima ish qilgan eding, bizga seni isming bilan ‘zapret’ degan narsa keldi. Jiddiy odamlar ekan, rahbarlardan, maslahatchilardan ekan, o‘ziga hech narsa demanglar deyildi’, dedi. Shu bilan besh yil hech qayerga chiqa olmadim. Hammaga og‘zaki aytib qo‘yilgan. Shu besh yil ichida hamma ‘nega ko‘rinmayapsiz, efirga chiqmayapsiz’, deb so‘rashadi. Tushuntirishga, gapirishga ruxsat yo‘q, Hech kimga hech narsa deya olmaysiz.

Bir insonga havoni to‘xtatib qo‘yishsa qanday bo‘ladigan bo‘lsa, san’atkorga ham efir shu darajada kerakli vaqtlar edi o‘shanda. Internet yo‘q, telekanallar sanoqli edi. Shunaqa davrlar edi. Birinchi «zapret»im besh yil davom etgan.

Anvar Sanayev, xonanda

Ma’lumot uchun, Anvar Sanayev bugungi kungacha 1000 dan ortiq turli konsert zallari, stadionlarda yakkaxon konsert dasturlarini taqdim etgan. AQSH, Germaniya, Rossiya Federasiyasi hamda Hindiston davlatlarida ham yakkaxon konsert dasturlarini taqdim etgan. Xonandaning 20 dan ortiq musiqiy albomlari, 200 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari bor.

Manba: daryo. uz

Kiritildi: 04:01 25.02.2020. O'qildi: 5786 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!