Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Anna AXMATOVA: O‘zbeklar ochdan o‘lsa-da, narsasini biz bilan bo‘lishardi

Anna AXMATOVA: O‘zbeklar ochdan o‘lsa-da, narsasini biz bilan bo‘lishardi

Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston aholisi 1,5 milliondan ortiq qochoqlarga o‘z uyidan joy berdi. Harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan hududlardan odamlar shoshilinch tarzda O‘zbekistonga evakuasiya qilinardi. Yetim qolgan norasida bolalar, qo‘lida yosh bolasi bilan qolgan ayollar, keksalar taqdirlari qanday yakun topishini bilishmasdi. Axir ularning tasavvurida o‘zbeklar “bosmachilar” edi.

Sovet tuzumi tomonidan “bosmachi” va keyinroq “xalq dushmani” tamg‘asi bilan minglab o‘zbekistonliklar qurbon bo‘lgani, Farg‘ona, Toshkent, Xiva va boshqa shaharlardagi qonli to‘qnashuvlar xalqning yodidan chiqmagan edi. Biroq bag‘ri keng o‘zbek xalqi, butun sobiq ittifoqdan mamlakatga yuborilgan odamlarni insoniylik, mehmondo‘stlik, mehr-shafqat bilan, yetimlarni o‘zbekona onalik mehri bilan kutib oldi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, O‘zbeksitonga yuborilgan 650 ming yetim boladan birontasi ham yetimxonaga yuborilmagan. O‘zbekistonliklar evakuasiya qilinganlarning o‘zlarini hech kimga keragi yo‘q, begonalardek his qilmasliklari uchun qo‘lidan kelganlaricha harakat qilishdi.

A.S.Pushkin nomidagi Sankt-Peterburg davlat universiteti professori Nikolay Kozlov urush davri bolalarining va kattalarning Toshkentda o‘tgan hayoti haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, “Urush davrida o‘zbekistonliklar evakuasiya qilinganlarga nisbatan mehr-shafqat ko‘rsatishdi, so‘nggi bir burda nonini baham ko‘rdi, kiyimlarini bo‘lishdi, uyidan joy berdi.

1941 yilda Leningraddan (Santk-Peterburg) Toshkentga evakuasiya qilingan vatandoshimiz Merkulova bolalar uyiga yuborilishi kerak bo‘lgan bolalarni vokzalda qanday kutib olishgani haqida xotirladi. Uning aytishicha, o‘zbekistonlik ayollarga evakuasiya qilingan bolalarni asrab olishga va onalik mehri ko‘rsatishlari haqida qilingan chorlovlarga minglab ayollar kelishdi. Ular vokzalga kelib bolalarni o‘z oilalariga olib ketishdi.

Buxoro viloyatidan “Bolalarni o‘z tarbiyasiga olishni xohlovchilarning istaklarini qondira olmayapmiz. Mabodo boshqa viloyatda qarovsiz bolalar bo‘lsa, ularni Buxoroga jo‘nating”, degan xabarlar kelardi.

Urush davrida O‘zbekistonga yuborilgan bolalarning deyarli barchasi ularning omon qolishiga o‘zbekistonliklarning g‘amxo‘rligi sabab bo‘lgan.

Ular shunday yozishgan: “Bizdan yuz o‘girishmadi, issiq joy berishdi, o‘zlari sig‘ishmay qolishdi, ammo bizlar uchun joy topishdi. Men mahalliy aholi va evakuasiya qilinganlar o‘rtasida ro‘y bergan bironta janjalni yoki majoroni bilmayman, - deya ta’kidladi Nikolay Kozlov. – Bizni o‘z qondoshlaridek qabul qilishdi, bizdan shirin so‘zlarini ayashmadi. O‘zlari ochlikdan vafot etishardi, ammo barcha narsasini biz bilan bo‘lishardi”.

Urush davrida deyarli barcha sobiq ittifoq yozuvchilari bilan birga Toshkentga rus adibi Korney Chukovskiy ham yuborilgandi. U 1942 yilda frontdagi o‘g‘liga shunday yozadi: “O‘zbeklar ajoyib xalq, nozik didli, xush muomalali”.

Rus adabiyotining yana bir namoyandasi Anna Axmatova 1941 yilda qamalda qolgan Leningraddan O‘zbekistonga evakuasiya qilindi va 1944 yil may oyigacha Toshkentda yashadi. Toshkentdagi hayoti uning uchun eng yorqin xotiralar bo‘lib qoldi. O‘zbek xalqining bag‘rikengligi va ko‘magini adib o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Anna Axmatova Toshkentga bo‘lgan mehrini “Mening soyam sening ostonangda”, deya izohladi.

U o‘zbek adiblari Oybek va Chustiy bilan yaqindan tanish edi va yurtiga ketar chog‘i quyidagi misralarni bitdi:

Minnatdor tuyg‘ular oqadi to‘lib,

Rahmat va xayr! - sizga, azizlar.

Durrachamni silkiyman kulib,

Rahmat, Oybek, rahmat, Chustiy! - sizga azizlar.

Rahmat, Toshkent! - kechir, meni kechirgil,

Sokingina go‘sham, eng ko‘hna uyim.

Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,

Yosh va dilbar qora sochli onalar,

Shirin kulchalar tutgan bolalar,

Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!

Sakkiz yuz kunim — mo‘’jizaviy sas,

Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,

Shu lojuvard tubsiz ummon ostida

Biz birga yashadik yorqin, o‘t nafas,

Ey, otashin bog‘...

U yurtiga qaytib ketganidan so‘ng O‘zbekiston haqida ko‘plab sog‘inchli she’rlar yozadi:

Yoddan chiqmas yulduzli go‘sha,

Nurli, shonli, o‘sha va o‘sha

Kichik-kichik shirin kulchalar

Yosh qo‘llarga yarashar bu kun

Bu qorasoch onalar durkun.

Shuningdek, Anna Axmatova Samarqandga o‘zgacha mehr qo‘ydi. U Samarqandga tez-tez kelib turgan va har doim bu qadim shahar haqida do‘stlariga to‘lqinlanib so‘zlab bergan. Vaqt o‘tib u og‘ir xastalikka chalinib yotib qoladi va shunday deydi:

“Atirgullar o‘lkasi abad

 o‘lmoq uchun Samarqandga yur...”.

Bekzod MUSURMONOV

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 06:00 21.01.2020. O'qildi: 4582 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!