Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Andijonlik ikki o‘zbek jangchisining jasadi qoldiqlari vatanga olib kelindi

Andijonlik ikki o‘zbek jangchisining jasadi qoldiqlari vatanga olib kelindi

2019 yilning noyabr oyi o‘rtalarida Ukrainaning Rovno viloyatidagi Pustoivanniy qishlog‘i o‘rmonlarida er kavlayotgan ishchilar inson jasadi qoldiqlariga duch kelishdi.

Ukrainadagi “Zaxod-sxod” ko‘ngillilar qidiruv otryadi Rovno viloyati o‘rmonlarida topilgan jasadlar Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan va 1941 yil urushning ilk kunlarida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik askarlarga tegishli ekanini aniqladi.

Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi rahbari Maksim Xrovning aytishicha, jasad qoldiqlari yonidan ularning ism-familiyasidan tortib, qaysi harbiy komissariatdan harbiy xizmatga chaqirilgani haqidagi ma’lumotlar jamlangan medallar ham topilgan.

Medalyonlar yorib ko‘rilganda, ikki o‘g‘lon O‘zbekistonnning Andijon viloyatidan ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Ular Mamadaliyev To‘ychiboy, 1915 yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumani, Stalin kolxozida tug‘ilgan, 1939 yilda Andijon tumani harbiy komissariatidan xizmatga chaqirtirilgan. Harbiy unvoni oddiy askar bo‘lgan.

Ikkinchisi 1919 yilda Andijonning Paxtaobod tumani, Uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilgan, harbiy xizmatga Izboskan tumanidan 1940 yilda chaqirilgan oddiy askar Xoliqov Qurbonboy bo‘lgan.

Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek askarlarining qoldiqlari topilgan joyni Germaniya qo‘shinlari 1941 yilning 29 iyuniga qadar nazoratiga olgan.

Bu askarlar aynan 1941 yilning iyun oyi oxirida nemislarning minomyot o‘qi oskolkasidan halok bo‘lganiga aniqlik kiritilgan. Ularning yonidan belkurak va temir suv idishi ham topilgan.

Shundan so‘ng O‘zbekistondagi “Nuroniy” jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi xodimlari Ukrainadan topilgan o‘zbek askarlari jasadlarining qarindoshlarini izlab topish ishlarini amalga oshirishdi. Lekin ularning qarindoshlari topilmadi.

“Nuroniy” jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan 2020 yil 12 mart kuni yurtdoshlarimiz oddiy askar Mamadaliyev To‘ychiboy va oddiy askar Xoliqov Qurbonboy jasadlari qoldig‘i Andijon viloyatiga olib kelindi.

Bu ikki o‘zbek o‘g‘lonlarining jasadlari qoldiqlarini hurmat-ehtirom bilan qayta dafn etish marosimida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, viloyat hokimligi, yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Kiritildi: 09:09 15.03.2020. O'qildi: 8377 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!