Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida bir guruh shaxslar niqob taqqan va mashina davlat raqamini yechib qo‘ygan holatda yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir mashinaga tosh otib hujum qilgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holatga aniqlik kiritdi.
Aniqlanishicha, 20 noyabr kuni fuqaro YU.D va boshqalar oldindan jinoiy til biriktirgan va fuqaro L.A. mashinasida pul tashish bilan shug‘ullanishini bilib, unga hujum qilish va pullarni qo‘lga kiritishni reja qilgan. Ular Cobalt va Lacetti avtomashinalarining davlat raqam belgilarini yechib olgan va yuzlariga niqob taqqan holda L.A.ning orqasidan kuzatib kelgan.
Guruh Andijon shahrining Yoyilma mahallasidan o‘tgan «Andijon-Asaka» yo‘lida chetda to‘xtab turgan L.A.ning Cobalt avtomashinasiga tosh otib, hujum qilgan. Shu vaqtda jabrlanuvchi mashinasida hodisa joyidan qochgan, shu sababli ular jinoyatini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda oxiriga yetkaza olmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «b» bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, YU.D. prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Viloyat prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan.