Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Ana xolos! Endi ayol rahbarlar ham haqorat qilishga o‘tdi: "Itdan bo‘lgansan..."

Ana xolos! Endi ayol rahbarlar ham haqorat qilishga o‘tdi: "Itdan bo‘lgansan..."

Andijon viloyatining Marhamat tuman hokimi o‘rinbosari —  Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining rahbari Ma’muraxon Sotvoldiyeva tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Akmal Yuldashevni «ilon po‘st tashlaydigan» so‘zlar bilan haqorat qilgani aytilmoqda. Bu haqda ishonch.uzga tayanib "xabar.uz" sayti yozmoqda.

Hokim o‘rinbosari hamda madaniyat bo‘limi boshlig‘i o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda M.Sotvoldiyeva ayni kunda o‘tgan tadbirga ishora qilib, «Qo‘lingdan kelmasa aytmaysanmi? Meni sharmanda qilding! Viloyat hokimining oldida tuman hokimini sharmanda qilding!» deya tanbeh beradi. Uzuq-yuluq suhbat asnosi Akmal Yuldashevni kurak tugul, tuvakda turmaydigan so‘zlar bilan  «siylab», «Bugun ishdan bo‘shatmasam odammasman!» deb ogohlantiradi ham.

Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun Marhamat tumanining Polvontosh qishlog‘i adirliklaridan yer ajratishga qaror qilingan hamda joriy yil 10 mart kuni tadbirning ochilish marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bois tuman madaniyat bo‘limiga qarashli ovoz kuchaytirgich moslamalari tadbir manziliga yetkazilgan. Biroq marosim sanasi 11 martga qoldiriladi. Ayni shu kuni tuman markazida yangi ishlab chiqarish sexlarini foydalanishga topshirish marosimi ham o‘tkazilishi sabab ovoz kuchaytirgich uskunasi Polvontoshdan markazga qaytarib olib ketiladi, ammo aytilgan joyga belgilangan vaqtdan biroz kechikib yetkazib boriladi.

«Aslida, tadbir chiroyli o‘tdi, mehmonlar ham uskunalar o‘rnatilgandan biroz keyin yetib keldi, – deydi Akmal Yuldashev. – Hokim o‘rinbosarining tashkilotimdagi sharoitni bila turib, kamiga nafsoniyatimga tekkanligini hazm qilolmadim. O‘z o‘rnida men ham «salomga yarasha alik» qaytardim».

Madaniyat bo‘limi boshig‘ining qayd etishicha, tashkilot balansida birorta xizmat mashinasi yo‘q, almisoqdan qolgan birgina ovoz kuchaytirgichni esa tadbirlarga ko‘chadan taksi yollab yetkazib borishadi.

Muxbir ayni masalada hokim o‘rinbosaridan ham telefon orqali izoh oladi.

«Ishlab chiqarish sexining ochilish marosimiga ovoz kuchaytirgich moslamasi olib kelish madaniyat bo‘limi boshlig‘i zimmasiga yuklatilgandi. Ammo apparatura vaqtida kelmagani sabab tadbir kechikdi, mehmonlar oldida xijolatda qoldik. Men ham gap eshitdim. To‘g‘ri, jahl ustida Akmalga qattiq tanbeh berdim, bu ishda bo‘ladigan holat. Haqoratomuz so‘zlarni gapirmadim, ammo seni ishdan bo‘shataman, degan joyim bor», – deydi hokim o‘rinbosari.

Darvoqe, tahririyat muxbirining Ma’muraxon Sotvoldiyeva bilan telefon orqali kechayotgan suhbati o‘rtasida narigi tomondan go‘shakni boshqa bir shaxs tortib olib, o‘zini Marhamat tumani hokimining yordamchisi «Umidjon» deb tanishtirdi hamda bu masalalar telefonda hal etilmasligini, «hokimiyatga kelinsa, bafurja gaplashib olishini» pisanda qiladi.

Muxbirning ta’kidlashicha, ayni holatga huquqiy baho berish talab etiladi. Shuningdek, Madaniyat vazirligi ham hududiy bo‘limdagi shart-sharoit masalasi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirishi zarur.

 

Kiritildi: 14:08 12.03.2020. O'qildi: 13541 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!