Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Alisher Sa’dullayev Andijon hokimiga "paxta qo‘ygan" qiz haqida: "Uyam kimningdir singlisi, dilbandi"

Alisher Sa’dullayev Andijon hokimiga "paxta qo‘ygan" qiz haqida: "Uyam kimningdir singlisi, dilbandi"

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev o‘zing Facebook’dagi sahifasi orqali Ruxsora Masharipovaning ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan videosiga munosabat bildirdi. Videoda Andijon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yoshlar ittifoqi faoli Ruxsora Masharipovaning Andijon viloyatiga nisbatan maqtovlari tasvirlangan.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abduramonov ham ishtirok etgan yig‘ilishda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Ruxsora Masharipova so‘zga chiqib, «Andijonda shunday hokimlarimiz bor ekan, biz bilmay yurgan ekanmiz», «Agar ikkinchi marta dunyoga kelish nasib etsa, Andijonda tug‘ilishni istagan bo‘lardim» kabi fikrlari bilan yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘lgan.

 

«Asalning ham ozi shirin» degan gap bor. Xalq bunday chiqishlarni yoqlamaydi. U o‘zgargan. Emosiyalarni jilovlay olish kerak. Yoshlar aniq maqsad bilan harakat qilishni o‘rganaylik. Maqtovlar ko‘paysa, ishdan baraka qochadi, dangasalashib o‘z ustimizda ishlamay qo‘yamiz, xalqqa bu erish tuyuladi.

Lekin u qizimiz alohida mavzu. Suhbat qurib ko‘rishimiz kerak. Unchalik biz o‘ylagan va tasavvur qilgandek emasligiga ishongim kelyapti. Emosiyalarini jilovlashni o‘rgatish kerakdir, ammo uning sha’niga tegishli gaplar aytishingizni istamas edim. U ham kimningdur dilbandi, singlisi yoki jigargo‘shasi, axir. Mayli fikrini bildirsin, biz uni eshitaylik, tegishli xulosa qilaylik, ammo birlashib qoralab tashlamaylik, ommaviy kiberyumor/memlar/kiberbulling qilib tashlamaylik. Fikr yoki so‘z qanday bo‘lmasin, uni eshita olishimiz kerak xoh tanqid, xoh maqtov bo‘lsin. Meni o‘ylantirayotgani uning hozirgi holati va jamoatchilikka moslashish uchun qancha harakat qilishi va ma’lum vaqt davomida boshqalarning unga qay nazarda boqishini his qilyapman. Unga tengdoshlaridan bo‘ladigan bosimni his qilyapman. U bir kuni bu vaziyatni tushunib yetishiga ishonchim komil, ammo biz esa biroz vazmin va bag‘rikeng bo‘lishimizni xohlar edim.

P.S. Men uni juda himoya qilib yozgim kelyapti, ammo g‘ashingizga tegish niyatim yo‘q. Haddan ortiq maqtovni hech kim yoqlamasa kerak, ammo biroz bag‘rikeng bo‘laylik, do‘stlar.

P.S.S. Bugun Xorazmda xizmat safarida edim, biz uchun oson kun bo‘lmadi, rostini aytsam. Bir infojang kuniga aylandi bugungi sana biz uchun. Kechki payt kelganimda bugun ijtimoiy tarmoqlarda «xayp» bo‘lgan mavzu haqida o‘ta sub’ektiv fikrlarim bilan bo‘lishgim keldi, xolos. Xayrli tun, do‘stlar.

Alisher Sa’dullayev, Yoshlar ittifoqi raisi

Kiritildi: 11:41 22.11.2019. O'qildi: 5281 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!