“Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda davlat xizmatchilariga smartfondan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida buyruq chiqardi. Bu haqda Afghanistan international telekanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, taqiqni buzganlar harbiy sud oldida javob beradi. Ularga aynan qanday jazo qo‘llanishi noma’lum. Harbiy sud xodimlariga ham davlat xizmatchilari orasida smartfonlardan foydalanishga qo‘yilgan taqiq ijrosini nazorat qilish vazifasi qo‘yilgan. Nazorat qilinadigan insonlar, lavozimlar, xizmat joylari, shuningdek, aloqa operatorlari va telefon raqamlar ro‘yxati tuzilgan.
Qayd etilishicha, bir necha kun oldin Afg‘onistondagi maktab va madrasalarda smartfonlardan foydalanish taqiqlangan. Oliy ta’lim vaziri smartfonlarni “musulmonlarning eng asosiy uchta dushmanidan biri”, deb atagan.