Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

6 oylik chaqaloqni o‘ldirgan ayol qamaldi

6 oylik chaqaloqni o‘ldirgan ayol qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida Dilrabo YA.ga oid jinoyat ishi viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqildi.

Ish holatlariga ko‘ra, Dilrabo turmush o‘rtog‘i J. bilan o‘rtalarida ikki nafar farzandlari bo‘lsa-da, 2019 yilning mart oyida fuqaro T. bilan ishqiy munosabatlarga kirishib, birgalikda muntazam ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilib kelgan. Oqibatda 2019 yilning iyun oyida ushbu holatdan turmush o‘rtog‘i J. xabar topgach, Dilrabo bilan yashamasligini bildirgan.

Shundan so‘ng Dilrabo turmush o‘rtog‘i J.ning yashash xonadonidan chiqib ketib, 2019 yilning avgust oyiga qadar turli manzillarda, xususan, jazmani T.ning xonadonida ham bir necha marotaba tunab kelgan.

2019 yil 12 avgust kuni Dilrabo o‘zining jazmani T.ning yashash xonadonida spirtli ichimlik iste’mol qilgan mast holatda, soat 17:30 larda T.ning shu qishloqda yashovchi ota-onasining xonadoniga borib, oshxonada turgan bir dona oshxona pichog‘ini olgan va qurol sifatida foydalangan holda keyingi xonaga kirganida, xonada T.ning betob yotgan keksa onasi M.ning yonidagi beshikda, T.ning singlisi M.ning uxlab yotgan 6 oylik ojiz ahvoldagi, voyaga yetmagan N.ni buvisi M. va shu yerda bo‘lgan opasi voyaga yetmagan X.ning ko‘z o‘ngida qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan ko‘krak qafasi sohasiga sakkiz marotaba urib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.

Shu vaqtda N.ning opasi, 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan X. voyaga yetmagan ukasi N.ni nima sababdan pichoq bilan urayotganini aytib, Dilrabo tomon borayotganida, Dilrabo uning juda yosh ekanligini anglagan holda, ojiz ahvoldagi X.ni ham qasddan o‘ldirish maqsadida unga qo‘lidagi pichoq bilan tashlanib, shu xonada betob yotgan M. ning ko‘z o‘ngida, o‘ta shafqatsizlik bilan X.ning ko‘krak sohasini pichoq bilan kesib yuborgan. X. o‘zining hayotini saqlash maqsadida xonadan qochib chiqib, Dilraboning tajovuzidan qutulib qolgan va xonadon egalari kelib Dilraboni ushlashgan.

Dilraboning aybi ochiq sud majlisida tekshirilgan dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topdi.

Sudning 2020 yil 6 yanvardagi hukmiga asosan Dilrabo YA. O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v,j” bandlari (ojiz ahvoldagi odamni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) va 25,97-moddasi 2-qismi “a,v,j” (ojiz ahvoldagi ikki shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishga suiqasd qilish) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud majlisida jabrlanuvchilar Dilraboga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘radilar.

6 oylik chaqaloqni o‘ldirgan va uning 6 yoshlik opasini o‘ldirishga suiqasd qilgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga munosib emasmi, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin.

Bunday mudhish jinoyatni sodir etgan ayol umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga munosib bo‘lishi mumkin. Biroq Jinoyat kodeksining 51-moddasiga asosan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayolga nisbatan tayinlanishi mumkin emasligi haqidagi norma belgilangan. Shu sababli ayollarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmaydi.

Bundan tashqari, jinoyat qonunchiligimizda yana bir ayollarga nisbatan “pozitiv diskriminasiya” normasi mavjud bo‘lib, Jinoyat kodeksi 50-moddasiga asosan ayollarga uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham tayinlanishi mumkin emas. Shu moddada ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati Jinoyat kodeksi maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoida ham mustahkamlangan.

Masalan, og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish uchun JKning 97-moddasi 2-qismida yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lib, ayollarga mazkur jinoyat uchun ko‘pi bilan 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Shu sababli, Dilraboga 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jabrlanuvchilarga yuqorida qayd etilgan qonun normalari hamda jazo tayinlash asoslari tushuntirildi.

Sudlov hay’ati mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqishda jinoyatning sabablari va unga olib kelgan shart-sharoitlarni o‘rganib chiqib, ularni bartaraf qilish va kelgusida shu kabi jinoyatlarning oldini olish yuzasidan Jinoyat-prosessual kodeksining 298-moddasiga asosan Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasiga xususiy ajrim chiqarildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 06:00 24.01.2020. O'qildi: 2513 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!