Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

2019 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng shov-shuvli jinoyatlar

2019 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng shov-shuvli jinoyatlar

2019 yil o‘tgan davr mobaynida qator jiddiy jinoyatlar O‘zbekiston aholisi e’tibori markazida bo‘ldi. Xorijiy va mahalliy OAVlarda yoritilib, jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilingan eng shov-shuvli jinoiy huquqbuzarliklar va mudhish hodisalarni e’tiboringizga havola qilamiz, deydi "sof.uz".

Samarqandda ona o‘z qizlarini pichoqlab o‘ldirdi

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida sodir bo‘lgan ayanchli qotillik ko‘pchilikni esankiratib qo‘ydi. 30 yoshni qoralagan N.Xo‘jaqulova (ism-shariflari o‘zgartirilgan) eri Rossiyaga ishlash uchun ketgan vaqtda, uning ukasi bilan ishqiy munosabat o‘rnatadi. Nasiba birinchi turmushidan tug‘ilgan hali yetti yoshga to‘lmagan qizi Baxtigul sabab qaynukasi bilan janjallashib qolib, Baxtigulga 12 marotaba, 5 yoshga to‘lmagan qaynukasidan tug‘ilgan Mahliyoga esa 5 marotaba pichoq urib, o‘ldiradi.

Sud hukmi bilan Nasiba 13 yil, Nurali 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekiston sobiq bosh prokurori pora olishda ayblandi

2018 yilning yanvaridan joriy yil yoz oyiga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 20 iyun kuni o‘z lavozimidan ozod etildi.

21 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatning 20-yalpi majlisidagi chiqishida sobiq bosh prokurorni tanqid qilib, uning poraxo‘rlikda ayblanayotgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganligini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodovning avvalgi sobiq bosh prokuror, DXXning sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, prezident matbuot xizmati Murodovning ishdan olinishi O‘zbekiston konstitusiyasining 93 modda, 12-bandiga muvofiq ekanligini bildirdi.

DXX sobiq raisi 18 yilga qamaldi

Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilish, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Samarqandda bir oilaning besh a’zosi vahshiylarcha o‘ldirildi

15 aprel kuni, Samarqand viloyati Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on mahallasida yashovchi oilaning 5 nafar a’zosi — er-xotin, ikki o‘g‘il va bir qizni vahshiylarcha o‘ldirib, Qo‘shrabot tumani Boqi qishlog‘ida Damas avtomashinasi ichiga tashlab ketgan. Ularga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud ishi 4 sentyabr kuni boshlangan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida 6 sentyabr kuni sudlanuvchilar G‘olib Tashanov (1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Jahongir Usmonov (1993 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Shamshiddin Esonboyev (1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) va Xabibullo Nurmanov (1996 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Yunusobod tumani hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.Zohidov ta’magirlik yo‘li bilan pora olayotganda ushlangan.

U o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘chmas mulkka huquqni tan olish to‘g‘risidagi hokim qarorini chiqarishda yordamlashishga va’da berib, 5 ming dollarni qo‘lga kiritayotganida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. 2019 yil 11 oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Erkin Zohidovga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (ta’magirlik yo‘li bilan pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Namanganda aliment to‘lashni istamagan ota 2 yoshli farzandini o‘ldirdi (video)

Namanganda aliment to‘lashni istamagan ota 2 yoshli farzandini Shimoliy Farg‘ona kanaliga otib yuborgan. Xabarga ko‘ra, ota o‘z farzandini ko‘rish bahonasida bola onasi bilan yashayotgan uyga borgan va aldov bilan uni olib qochib, kanalga uloqtirgan.

Ota fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumani sudi qaroriga ko‘ra oylik daromadining 70 foizini aliment sifatida to‘lab borishi kerak bo‘lgan.

Sergelida er-xotin 5 yashar qizchani gumdon qildi

Joriy yil 4 noyabr kuni fuqaro A.V. huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilib, 5 yashar qizi D.K.ni Bektemir tumanida joylashgan “Compass” savdo majmuasida yo‘qotib qo‘yganligi haqida ma’lum qiladi.

Bir ozdan so‘ng esa Toshkent shahar prokuraturasi qizchaning Sergeli tumanidagi ijara uyida o‘z onasi va onasining sha’riy nikohdagi eri bilan yashab kelganligi, 25 oktyabr kechasi soat 03:00 lar atrofida spirtli ichimlik iste’mol qilgan er-xotin tomonidan qizchaning avval do‘pposlanib, so‘ng o‘ldirilganligini ma’lum qildi. Qotil er-xotin jinoyatni yopish maqsadida shu kuni tongda qizcha jasadini Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ijaraga olingan dala hovliga olib borishadi. Ular marhuma go‘dakni avval o‘choqda yoqib, yonmay qolgan qoldiqlarini qopga solib, Chirchiq daryosiga tashlab yuborishadi.

Ayni damda qasddan sodir etilgan mazkur qotillik bo‘yicha A.V. hamda M.F. Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Kiritildi: 06:56 14.11.2019. O'qildi: 6262 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!