Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

1 aprelda birovni aldash gunohmi?

1 aprelda birovni aldash gunohmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Odatda har bir yil, har bir oyning boshlanishida ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa internet sahifalarida mazkur yil, oy va kunlarga xos bo‘lgan xabarlar, qiziqarli ma’lumotlar yoki nishonlanadigan bayramlar haqida maqolalar beriladi. Jumladan, internet sahifalarida 1 aprel kuniga tegishli ba’zi ma’lumotlar ham berila boshlandi. Bu ma’lumotlar yangilikka o‘ch bo‘lgan har qanday odamning e’tiborini o‘ziga tortmay qo‘ymaydi. Bu mening ham e’tiborimni tortdi. 1 aprelga tegishli ma’lumotlarni turli internet sahifalaridan qidirib, topib o‘qib ko‘rdim. Bu ma’lumotlarning saviyasi turlicha. Ba’zilari ilmiy ma’lumotlarga asoslangan, ba’zilarini esa oddiy havaskorlar yozgan. Yana ba’zilari oldi-qochdi, safsata gaplar. Lekin eng asosiysi, mazkur ma’lumotlarning hech birida 1 aprel kuni haqida insoniylik, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, axloq-odob, dinu diyonatga mos keladigan birorta ijobiy tushuncha yo‘q. Balki barchasi boshidan oxirigacha bayram bahona qandaydir ko‘ngilxushlik bilan shug‘ullanish. Demak ularning maqsadlari bitta – u ham bo‘lsa, har qanday yo‘l va uslub bilan kimnidir aldash, kuldirish, mazax qilish, masxaralash, tashvishga qo‘yish, qo‘rqitish, cho‘chitish, asabini buzishdir. Bularning natijasida qandaydir fojialar kelib chiqishi ham mumkin, ammo ular bunga etibor bermaydilar. Balki 1 aprel hazil kuni degan bahona bilan o‘zlarining kirdikorliklarini yashiradilar.

1 aprel kunini bayram sifatida nishonlashning tarixi, kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar ham turli-tuman. Birida «ommaviy qirg‘in, bir din vakillarini qatliom qilish kuni» deyilgan bo‘lsa, boshqasida Ovro‘padagi ba’zi imperatorlarning ko‘r-ko‘rona qilgan ishlari va tadbirlarini yashirish maqsadida 1 aprelga asos solinganligi va bu milodiy XVI asrdan boshlanganligi aytiladi.

Hozirgi kunda 1 aprelning qanday kun deb atalishi to‘g‘risidagi internet sahifalarida berilgan ba’zi ma’lumotlardan iqtibos keltiramiz:

«Hozir Ovro‘pada nishonlanayotgan birinchi aprel kuni odamlarning bir-birini aldashidan boshlangan».

«1 aprel – aldash va laqillatish kuni munosabati bilan tanlov e’lon qilaman».

«1 aprel kuni dunyoning bir qator mamlakatlarida Kulgi kuni, Hazil kuni, Aldash kuni nishonlanadi. Shu kuni yaqin do‘stlar bir-biri bilan hazillashadilar».

«1 aprel kuni bir marta bo‘lsa ham jilmayib qo‘ymaydigan odam topilmasa kerak. Birinchi aprel bir-biriga haddi sig‘adigan, qalbi pok insonlarning bayrami»

«1 aprel – ahmoqlar kuni».

Mazkur iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, bu kunning qandaydir nom bilan atalishi yoki bayram qilinishida hech qanday xayr yo‘q. Chunki bu kunda shariatimizda man etilgan bir qancha ma’naviy va moddiy jinoyatlar sodir etiladi, ammo mazkur jinoyatlar hazil, kulgi niqobi ostida amalga oshiriladi. Shuning uchun ham mazkur jinoyatlarni sodir etayotganlar ham, bundan jabr ko‘rayotganlar ham go‘yoki bir-biridan xafa bo‘lmaydi. Lekin inson gunohkor bo‘lishi uchun birovni xafa qilishi shart emas, balki shariat gunoh deb baholagan ishni qilishning o‘zi kifoya. Keling, mazkur qo‘shtirnoq ichidagi «bayram» kunida qanday gunohlar sodir etilishini o‘rganib chiqaylik.

1. Avvalo, bu «bayram»ning nomidanoq ko‘rinib turibdiki, 1 aprel – aldash kuni. Aldash – yolg‘onchilik, kazzoblik, firibgarlik degan ma’nolarni o‘z ichiga oladi. Yolg‘on esa shariatimizda qat’iy harom qilingan. Uning harom ekani oyatlarda, hadisi shariflarda o‘z ifodasini topgan.

«Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar – yolg‘onchilardir» (Nahl surasi, 105-oyat).

Allohning oyatlariga iymon keltiradiganlar mo‘min-musulmonlardir. Ular hech qachon yolg‘on gapirmaydilar. Yolg‘on to‘qish esa Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlarning eng yorqin alomatlaridan biridir.

Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Mo‘min odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha», dedilar. «Mo‘min odam yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashgan edi, «Yo‘q!» dedilar».

Imom Molik rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharif yuqoridagi oyati karimaning ma’nolarini yanada ta’kidlab, quvvatlab kelyapti. Mazkur ma’no yanada tushunarli bo‘lishi uchun bu hadis savol-javob tariqasida vorid bo‘lgan. Demak, mo‘minda ham ba’zi illatlar bo‘lishi mumkin ekan, lekin illatlarning eng yomoni bo‘lmish yolg‘onchilik hech qachon mo‘minda bo‘lmasligi kerak. Aks holda uning iymoniga futur yetadi. «1 aprel»chilar esa o‘zining nodonligi, johilligi oqibatida iymonidan ayrilayotganini ommaviy bayram sifatida nishonlaydilar.

2. Birinchi aprel hazili deb, bir kishini aldash oqibatida uning qoni, mol-mulkiga tajovuz qilinadi, obro‘si poymol qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vidolashuv hajida shunday deganlar:

«Sizlarning qoningiz, molingiz va obro‘ingiz bir-biringizga haromdir»!

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

«Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar» (Niso surasi, 29-oyat).

3. Mazkur aldov biror shaxsning biror illatini ayblash ma’nosida bo‘lsa va o‘sha illat unda haqiqatdan ham bor bo‘lsa, bu ish g‘iybat bo‘ladi. Agar o‘sha illat unda bo‘lmasa, tuhmat yoki bo‘hton bo‘ladi. Bularning har ikkalasi ham shariatimizda haromdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ey Allohning Rasuli, g‘iybat nima?» deb so‘rashdi. U zot: «Birodaringni uning o‘ziga yoqmagan narsa bilan zikr qilishing», dedilar. Shunda: «Men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa-chi?» deyishdi. U zot: «Agar aytgan narsang unda bor bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan. Aytgan narsang unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan», dedilar.

Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

4. Mazkur aldovga mazax, istehzo ham aralashadi. Bularning har ikkalasi shariatda man etilgan.

Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar».

Yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun 1 aprel kunida bo‘ladigan ba’zi bir hazillardan misol keltiramiz.

Bir necha ulfatlar choyxonaga to‘planib, to‘kin dasturxon atrofida maishat qilishibdi. Ziyofat oxiriga yetib, hamma uy-uyiga ketish uchun choyxonadan chiqib, ulovining oldiga kelibdi. Ulardan biri ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ulovi qo‘ygan joyida yo‘q ekan. Uning xursandchiligidan asar ham qolmabdi. Rangi oqarib, tili kalimaga kelmay qolibdi. Nima qilishini bilmay tursa, ulfatlari unga hamdarddek atrofida tizilishib turaverishibdi. Hamma hayron. Jabrdiyda odamning asablari buzilib, mazasi qochibdi. Vaziyat borgan sari chigallasha boshlabdi. Biror jiddiy fojia ro‘y berishidan qo‘rqqan ulfatlar do‘stini xotirjamlikka chaqirib, ulovini narigi mahalladagi bir ko‘chaga yashirib qo‘yganini aytib, «Bu 1 aprel hazili edi» deb, uning ustidan miriqib kulishibdi.

Boshqa biri esa uloviga minib, o‘t oldirgach, rulni ushlasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, rulga kattagina olachipor ilon o‘rab qo‘yilgan ekan. Bechora qo‘rqqanidan yuragi yorilib o‘lishiga bir bahya qolibdi. Ulfatlar esa uni ham masxara qilib, rosa kulishibdi.

Boshqa bir ulfatlar yanada boshqacharoq hazil o‘ylab topishibdi. Ulfatlardan birining ayoliga telefon qilib, uning eri jazmani bilan falon joyda kayf-safo qilayotgani to‘g‘risida yolg‘ondan xabar beradi. Rashk o‘tida kuygan ayolning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay, aytilgan manzilga bir ahvolda yetib kelibdi. U yerdagi manzara qanday bo‘lganini tasavvur qilavering.

Ulfatlarning ichida uch-to‘rtta do‘koni bor tijoratchi ham bor ekan. U oilasi bilan kechki ovqatni yeb, xotirjam o‘tirgan paytda to‘satdan telefoni jiringlab qoladi. Ulfatlaridan biri tashvishli ohangda unga o‘ta sovuq xabar yetkazadi: «Do‘koningni tekshiruv bosdi! Mol-mulkingni musodara qilishyapti! Sen nima qilib o‘tiribsan, tezlik bilan yetib kelib, ishni joyida «yopdi-yopdi» qilmasang, ishing gazak olar ekan!». U bechora esa og‘zidagi taomini yutish-yutmaslikni ham bilmay, oyoq kiyimini ham kiyar-kiymas, mashinaga o‘tirib do‘koni tomonga yeldek uchib ketadi. Bunday holatlarda yo‘lning o‘zidayoq biror fojia bo‘lmaydi deb kim kafolat bera oladi? Yoki ulfatlar ichida shunga o‘xshash hazillar bo‘lmaydi deb kim ayta oladi?

Azizlar! Ayting-chi, shuncha illatlarni o‘zida mujassam etgan «bayram»ni yaxshi kayfiyat bilan nishonlash mumkinmi?

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ustiga asal surtilgan zaharga o‘xshash bu «bayram»da tilga tegishli bo‘lgan barcha jinoyatlar sodir etiladi va bu oddiy hol deb qabul qilinadi. Yuqorida ularning hammasini birma-bir keltirmadik, aql egalariga eslatma va ogohlantirish bo‘lsin, deya bir necha misollar keltirdik, xolos.

1 aprelni aldov va hazil kuni deb nishonlagandan ko‘ra «Yolg‘onga qarshi kurash kuni» deb e’lon qilsak bo‘lmaydimi?

Manba: islom.uz

Kiritildi: 11:58 01.04.2020. O'qildi: 2364 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!