Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev nochor oilalarni sud bojidan ozod etishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev nochor oilalarni sud bojidan ozod etishni taklif qildi

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun, seshanba kuni o‘tkazilgan videoselektorda odil sudlov ta’minlanmagan, korrupsiya avj olgan davlatga hech qanday tadbirkor, investorda ishonch bo‘lmasligi haqida gapirgan. Bu haqda «Kun.uz» xabar berdi.

Davlat rahbari aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ortig‘i yoki 44 foizida sudlarda ish to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlarida aholining aksariyat qismi sudlar faoliyatidan norozi. Qorovulbozor va Xovos tumanlarida oylab sud ishlari ko‘rilmagan. Bundan tashqari, tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda 20 million dollardan ortiq mablag‘ kiritgan investorlar faoliyatida sud jarayoni bilan bog‘liq muammo kuzatilgan taqdirda ishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudda ko‘rish, nochor oilalarni sud bojidan ozod qilish taklif qilindi. Shuningdek, har bir viloyat sudida axborot xizmati faoliyatini tashkil qilishga ehtiyoj sezilayotgani ma’lum qilindi.

Prezident sud tizimini isloh qilish haqida gapirib, kelgusida biror-bir sudyani hududlarda vakolati doirasidan tashqarida bo‘lgan ishlarga jalb qilmaslik talabini qo‘ydi. Ta’kidlanishicha, shu vaqtga qadar sudyalar qishloq xo‘jalik ishlariga ham jalb qilingan.

Ayni vaqtda mamlakatda sudyalarning 14 foizi xotin-qizlar hisoblanadi. Prezident ushbu sohada ham gender tengligiga e’tibor qilish taklifini bildirgan.

Shuningdek, yig‘ilishda vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish, mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini «bir sud — bir instansiya» tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi. Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga «Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat» maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi.

Kiritildi: 22:29 01.07.2020. O'qildi: 2155 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!