📍 YHXX axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilgandan so‘ng besh oy ichida — 1 iyundan 30 oktyabrgacha — 114 mingdan ortiq haydovchiga jarima ballari yozilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tizim amalga kiritilgandan keyin yo‘l-transport hodisalari soni 6,3 foizga, haydovchilar aybi bilan sodir etilgan avtohalokatlar esa 31,2 foizga qisqargan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu holat jarima ballari tizimi yo‘l harakati xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini anglatadi.
Besh oy mobaynida jami 114 382 nafar haydovchiga jarima ballari qo‘llanilgan. Shundan 114 374 nafariga 1 dan 5 ballgacha, 6 nafariga 5 dan 6 ballgacha, 1 haydovchiga 7 ball va yana 1 haydovchiga 8 jarima balli yozilgan.
YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshovning ta’kidlashicha, jarima ballari tizimi amalda o‘zini oqlamoqda:
“Qaysidir ma’noda jarima ballari tizimi amalda o‘zini oqladi. Chunki bunday natija — ya’ni YTHlar sonining kamayishi — jarima ballari joriy etilmasdan oldin kuzatilmagan edi”, — dedi u.