31 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.
O‘zbekiston va Finlyandiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegasiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.
Tantanali marosim yakunlangach, birgalikda suratga tushildi va delegasiyalar ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.