Latviya parlamenti 13 soatlik munozaralardan so‘ng ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha Istanbul konvensiyasidan chiqishga ovoz berdi, deb xabar bermoqda LETA.
Latviya Seymidagi (parlament) munozaralar kecha, 30 oktyabr kuni kechqurun boshlanib, 13 soatdan ortiq davom etdi. Ikkinchi o‘qishga kelgan barcha takliflar rad etildi. Natijada deputatlarning ko‘pchiligi Yevropa Kengashining “Ayollarga nisbatan zulm va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish to‘g‘risidagi” konvensiyasini (Istanbul konvensiyasi) bekor qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 56 deputat hujjatni yoqlab, 32 nafari esa ungaqarshi ovoz berdi, 2 kishi betaraf qoldi.
Bundan bir kun oldin Riga markazida minglab odamlar Latviyaning Istanbul konvensiyasidan chiqishiga qarshi norozilik namoyishi uyushtirgan edi.
Endi mamlakat prezidenti Edgar Rinkevich 10 kun ichida qonun loyihasini tasdiqlashi yoki uni qayta ko‘rib chiqish uchun Seymga yuborishi lozim.