Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi endi o‘z faoliyatida AQSh kompaniyasiga tegishli dasturiy ta’minotdan foydalanmaydi. Microsoft mahsulotlari o‘rni nemisning Boxum shahrida joylashgan ZenDIS kompaniyasi ishlab chiqargan OpenDesk dasturlari bilan almashtiriladi, deb xabar bermoqda Westdeutscher Rundfunk.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining ehtimoliy sanksiyalariga tushmaslik maqsadida qilinmoqda.
Avvalroq Tramp Xalqaro jinoyat sudi faoliyatini Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun chiqarilgan order sabab qattiq tanqid ostiga olgan edi. Sud Netanyahuni G‘azo sektoridagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarda ayblagan.
Tramp AQSh fuqarolari va ittifoqchilariga qarshi tergov ishlarini qo‘llab-quvvatlagan tashkilot sudyalariga personal sanksiyalar joriy etganini ma’lum qilgan. Oq uy cheklovlari nafaqat ularning o‘zlarini, balki oila a’zolarini ham qamrab olgan.